Bob Grem: 11-sentabrga oid maxfiy hisobotga Amerika xalqi baho bersin

  • Amerika Ovozi

AQSh sobiq senatori Bob Grem 28 betli maxfiy hisobotning ommaga oshkor qilinishi tarafdori.

AQSh sobiq senatori Bob Grem 28 betli maxfiy hisobotning ommaga oshkor qilinishi tarafdori.

AQSh sobiq senatori Bob Gremning aytishicha, amerikaliklar 2001-yil 11-sentabr xurujlariga aloqador 28 betli maxfiy hisobotni o'qib, o'z fikriga ega bo'lishga haqli. Ushbu hujjatda terrorchilarga xorijdan ko'rsatilgan yordam haqida gap borishi aytiladi.

U 14 yil avval Kongressning har ikki palatasi qabul qilgan hisobotga asoslangan. O'sha paytdagi prezident Jorj Bush uni ommaga e'lon qilingan 800 betli hisobotga kiritmaslikni buyurgan.

Hujjatni ko'rgan ayrim rasmiylar unda Saudiya Arabistoniga aloqador ma'lumot bor, deydi. Ammo aynan nima haqda gap ketayotgani noaniq.

"Materialning aniq detallari haqida gapira olmayman. Shunday bo'lsa-da, Amerika xalqi bu masala nega bunchalik muhimligini bilishga haqli", - deydi Grem "Washington Post" nashrida chop etilgan maqolada.

Sobiq senator maxfiy deb topilgan bu hisobot ommaga e'lon qilinishini talab qilayotgan faollardan. Uning Oq uydagi rasmiyga tayanib aytishicha, Prezident Barak Obama iyun oxirigacha hisobotni xalqqa oshkor qilish masalasida qaror berishi kutilmoqda. Bu to'g'ri qadam, deydi Grem.

Avvalroq Markaziy Razvedka Agentligi rahbari Jon Brennen 14 yil oldingi bu hisobot to'liq tekshirilmagan va tasdiqlanmagan ma'lumotlarga asoslangan, degan. Uningcha, keyinroq e'lon qilingan maxsus komissiya hisoboti Saudiya hukumati yoki saudiyaliklarning "Al-Qoida"ga aloqadorligini tasdiqlovchi biror dalil topmagan.

"Odamlar tekshirilmagan, Federal Qidiruv Byrosidan olingan ma'lumotlarga tayanib, saudiyaliklarni ayblashga tushib ketishi mumkin. Bu esa noto'g'ri", - deydi Brennen.

Grem Brennen da'vosini Amerika xalqiga va 11-sentabr xurujida halok bo'lganlarning yaqinlariga nisbatan haqorat deb atadi.

2004-yil iyulda e'lon qilingan 9/11 Komissiyasi hisobotida xurujni amalga oshirganlarga xorijdan yordam berilganini tasdiqlovchi biror dalil yo'qligi aytiladi. Ammo Riyod homiylik qiladigan xayriya tashkilotlari mablag'i Al-Qoidaga o'tgan bo'lishi ehtimoli yo'q emas, deyiladi unda.

Gremning yozishicha, maxfiy sahifalar ommaga oshkor qilinsa, amerikaliklar to'rt yo'lovchi samolyotini o'g'irlagan shaxslarning kimlardan yordam olgani haqidagi ma'lumotlarga baho berish imkoniyatiga ega bo'ladi.

Oq uyning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi o'rinbosari Ben Roudz o'tgan oy Obama ma'muriyati bu haqda ko'proq ma'lumot berish masalasini ko'rib chiqayotganini, ammo 9/11 Komissiyasi va Kongress qo'mitasi Saudiya Arabistonining "Al-Qoida"ga aloqasi yo'qligi haqida aniq xulosaga kelganini aytgan edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG