Kino orqali bolalarni ilm-fanga qiziqtirayotgan gollivudlik kaskadyor

  • Amerika Ovozi

Portlashlar, katta tezlikdagi poyga va avariyalar, osmono’par binolardan pastga qulash – Gollivud filmlarida bunday tasvirlarni ko’p ko’rganmiz. Ammo buning hammasi illyuziya, ilmiy qonunlar asosida yaratilgan maxsus effektlar.

Bu sohada ko’p yillik tajribaga ega kaskadyor Stiv Vulf mana shunday xavfli filmlarni suratga olish sirlarini bolalar bilan bo’lishib, ularni ilm-fanga qiziqtiradi.

Stiv Vulf Virjiniyadagi maktabda kinofilmlarda portlash qanday ro’y berishini namoyish etmoqda.

“Bolalar sahnada nima bo’layotganini quvonch bilan, katta qiziqish bilan kuzatadi. Bilgisi keladi,” - deydi u.

Vulf kaskadyor emasmi, uni ko’p marta yondirishgan, portlatishgan. U mashhur seriallar uchun maxsus effektlar ustida ishlaydi. Ammo 25 yillik karyerasi davomida hayoti xavf ostida qolgan hollar juda kam bo’lgan.

“Ko’pgina narsalar fizika va kimyo yordamida yaratiladi. Kinoda xavfli bo’lib ko’ringan va 10-15 sekund davom etgan hodisani suratga olish 3-4 hafta vaqt oladi. Kadrma-kadr sekin suratga olamiz, so’ngra montaj qilib, bir-biriga ulab chiqamiz. Shu bois ekranda ko’rganingiz aslida ro’y bermagan bo’lishi mumkin”.

Vulf bilganlarini yoshlar bilan bo’lishadi, ularni ilhomlantiradi.

“AQSh ilm-fan sohasida boshqa mamlakatlardan ortda qolganini eshitib, hayratga tushganman. Oyga qadam bosgan inson amerikalik bo’lsa-yu, biz qanday qilib qoloq davlat bo’lamiz?! O’shanda men bolalarga ilm-fanni o’rgataman, deb ahd qilganman”.

Shunday qilib Stiv Vulf o’z tashkilotiga asos soldi. Maktablarda o’quvchilarni uvchilarni lol qoldiradigan tomoshalar ko’rsatadi.

“Bir soatlik shou davomida ular bilishi lozim bo’lgan 100 dan ziyod ilmiy konsepsiyalarni namoyish qilamiz,” - deydi u.

20 yil davomida Vulf turli mamlakatlardagi o’quv dargohlarida, ilmiy festivallarda 4000 dan ortiq tomoshalar tashkillashtirdi. Bolalar ham ularda faol qatnashadi.

“Katta bo’lganimda olim bo’lmoqchiman. Juda qiziq ekan. Ayniqsa portlash menga yoqdi,” - deydi o'quvchilardan biri Ava Redondo.

Meyson Simms unga jo'r bo'ladi. "Katta bo’lganimda basketbolchi bo’lishga qaror qilgandim. Lekin maxsus effektlar ham zo’r ekan”.

O’zining kino tryuklari haqidagi kitobida Vulf maxsus effektlar yaratishda ilm asoslaridan foydalanish yo’llari haqida batafsil ma’lumot beradi.

“Bola bir narsaga qiziqsa, bilimga intiladi”.

Yosh avlod qaysi kasbni egallashidan qat’i nazar, deydi u, ilmiy konsepsiyalarni o’rganish ularga hayotga asqatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG