Prezident tansoqchilari haqida nima bilamiz?

  • Amerika Ovozi

AQSh maxfiy xizmati agentlari Kolumbiyada fohishalar bilan tutilgani katta janjalga sabab bo’lib, hozirgacha bir necha xodim ishgan ketgan. Tergov davom etmoqda. Huquq-tartibot organlarining eng sarasi hisoblangan bu tashkilot haqida nima bilamiz?

1981-yilda prezident Ronald Reygan hayotiga suiqasd… Maxfiy xizmatning tezkorligi sharofati bilan u omon qolgan.

Agentlar prezident va vitse-prezident hamda ularning oila a’zolari, shuningdek, oliy lavozimga nomzodlarning xavfsizligini ta’minlaydi. Vashingtonga mehmon bo’lib kelgan xorijiy davlat rahbarlarini himoya qilish ham bizning vazifamiz, deydi agent Bayron Tarver.

“Prezident xavfsizligini ta’minlash 1901-yildan buyon bizning bo’ynimizda. Kongress qarori bilan sekin-asta bu ro’yxatga boshqa mulozimlar ham qo’shildi, jumladan vitse-prezident”.

Maxfiy xizmatda ishlagan Tim Makartining aytishicha, davlat rahbari xavfsizligini ta’minlash katta resurs talab qiladi.

“Aniq raqamlarni keltira olmayman. Prezident qanday tadbirda ishtirok etayotganiga qarab minglab soqchilar safarbar etilishi mumkin”, - deydi u.

Klint Xill 1963-yilning noyabrida prezident Jon Kennedi otib o’ldirilganida uning yonida bo’lgan. Bu mudhish voqea Texasning Dallas shahrida ro’y bergan edi. Maxfiy xizmat xodimlari, deydi u, kasbiga sodiq odamlar.

“Biror kor-hol ro’y bermasin deb qat’iyat va mahorat bilan harakat qilishadi. Siyosatga aralashmaydi ular”.

Lekin prezident va boshqa rasmiylarni xavfdan asrash maxfiy xizmat faoliyatining bir qismi xolos.

Tashkilot 1865-yilda tuzilganida Moliya vazirligiga qarashli bo’lgan. Ilk missiyasi mamlakat moliya tizimini himoya qilish edi. Agentlik bugun ham qalloblik va AQSh valyutasini soxtalashtirish bilan bog’liq jinoyatlarni tekshiradi.

Maxsus agent Bayron Tarver Tailand poytaxti Bangkokda ishlaydi. Idorasi aynan moliyaviy jinoyatlar bilan shug’ullanadi.

“Qalbaki pul ishlab chiqarish Osiyo mintaqasida, ayniqsa, Malayziya va Indoneziyada keng rivojlangan. Tailandda uncha emas. Bir necha yil oldin bunday jinoyatlar avjiga chiqqan edi, hozir esa nisbatan tinch. Lekin bu ham vaqtincha”, - deydi u.

Texnologiya taraqqiy etgani sari AQSh maxfiy xizmatining faoliyati ham kengayib bormoqda. Sarmoya kompaniyalari va kompyuterda sodir etiladigan jinoyatlarni ham tekshiradi.

Agentlar davlat rahbarini himoya qilishini hamma biladi. Ammo faoliyatimizning ommaga ko’rinmas taraflari ham birdek muhim, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG