Breaking News

Senatorlar AQSh xavfsizligidan xavotirda


AQSh rasmiylarining ogohlantirishicha, "Islomiy davlat" to'dasi dunyo bo'ylab, xususan, AQShda bevosita ishtirok etmasdan turib zo'ravonliklarni amalga oshirish salohiyatiga ega.

AQSh Senatida shu haqda tinglov o'tdi.

"Global terror tahdidining yangi bosqichidamiz. Terrorchilar boshqaradigan hujumlardan terrorchilar ilhom beradigan tahdidlar davriga o'tdik. Bu shunday davrki, unda hujumchi hech qachon terror tashkiloti a'zosi bilan yuzma-yuz ko'rishmaydi, lekin ularning da'vatlari va propagandasidan ta'sirlangan bo'ladi", - deydi Ichki xavfsizlik vaziri o'rinbosari Alexandro Mayorkas.

Uning aytishicha, bu turdagi hujumlarni aniqlash razvedka va xavfsizlik idoralari uchun qiyin bo'ladi. Chunki ular hech qanday ma'lumotsiz amalga oshishi mumkin, deydi u.

Senatning Ichki xavfsizlik qo'mitasi a'zosi, yetakchi demokrat Tom Karper bu fikrga qo'shiladi. Kaliforniyaning San-Bernardino shahrida 14 odamning umriga zomin bol'gan xuruj shunga yaqqol misol, deydi u.

"Bu mamlakatga barcha sayohat va immigratsiyani to'sib qo'yganimiz bilan terror xavflaridan xoli bo'lmaymiz. Afsuski, IShID Amerikaga hujum qilishning eng yaxshi yo'li amerikaliklarni yollash ekanini yaxshi biladi. Shuning uchun ular ijtimoiy tarmoqlar va internetdan foydalanishga e'tiborni kuchaytirib, amerikaliklarni radikallashtirishga urinmoqda", - deydi senator Karper.

Uning qo'shimcha qilishicha, IShIDning amerikaliklarga tashlaydigan tuzog'iga biror o'lja ilinmasligi uchun zarur choralarni amalga oshirish kerak.

Senatdagi tinglov Misrga qarashli yo'lovchi samolyoti halokatga uchraganidan bir hafta o'tib o'tkazildi. Samolyot halokati sabablari hali ham ma'lum emas, ammo unga terrorizm aralashgan bo'lishi ehtimoli soqit qilingani yo'q.

"Bu yerda o'tirib IShIDning yo'li to'sildi, deyish qiyin. Onlayn maydonda kuchli raqib bilan yuzlashyapmiz. O'ziga tortadigan da'vatlari bor. G'arbda va boshqa joylarda jamiyatdan ajrab qolgan yoshlarni ovlashmoqda", - deydi ogayolik respublikachi senator Rob Portman.

Davlat departamentining Terrorizmga qarshi kurash dasturi boshqaruvchisi Jastin Siberelga ko'ra, vaziyat u qadar yomon emas.

"Ularning da'vosi eskirdi. Dastlabki 2014-2015-yillarda ular muvaffaqiyatli amalga oshirgan g'alaba ta'limoti endi ish bermayapti. Chunki IShID jiddiy yo'qotishlarga uchradi. Boshqaruv bo'yicha ham samarali ishlay olmayapti", - deydi u.

Respublikachi senator Kelli Ayot Yevropadagi terrorchilar AQShga kira olmasligiga qanday kafolat bor, deya rasmiylarni so'roqqa tutdi.

"Parij va Bryussel xurujlariga aloqador shaxslar bizning kuzatuv ro'yxatimizda yoki uchishi taqiqlanganlar ro'yxatida bormidi? Agar yo'q bo'lsa, ularni aniqlashimiz ancha qiyin bo'ladi", - deydi senator.

Mayorkas Parij va Bryussel xurujiga aloqador shaxslarning AQSh kuzatuvida bo'lgani yoki yo'qligi haqida aniq ma'lumotga ega emasligini, ammo hozir tekshiruv tizimi yanada kuchaytirilganini aytadi.

"Viza uchun topshirilgan har bir arizani sinchiklab tekshiramiz. Yevropaning bir davlatidan ikkinchisiga o'tish hamda bir Yevropa mamlakatidan AQShga kelish qiyinchiligi o'rtasida katta farq bor. Aeroportlaridagi xavfsizlik nazorati juda mustahkam", - deydi rasmiy.

Har ikki partiyaga mansub senatorlar zo'ravon ekstremizmga qarshi kurash uzoq vaqt olishini aytadi.

"Misr samolyoti fojeasi mamlakatimizni himoya qilish ma'lum vaqt qiyin vazifa bo'lib qolishini ko'rsatdi. IShID kabi guruhlar taktikasini o'zgartirar ekan, biz ham shunga moslashishimiz kerak", - deydi Karper.

"Yechim topish juda qiyin. Terrorizmni mag'lub etish ancha vaqt oladi", - deydi qo'mita raisi senator Ron Jonson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG