AQSh viza berishdan oldin ijtimoiy sahifalarni tekshirishi mumkin

  • Amerika Ovozi

AQSh hukumati terror xurujlarining oldini olish maqsadida va mamlakat xavfsizligiga tahdid solishi mumkin bo’lgan shaxslarni aniqlash uchun ijtimoiy sahifalarni kuzatish haqida o'ylanmoqda.

Ichki xavfsizlik vazirligi qoshidagi Bojxona va chegara xavfsizligi xizmati xorijiy sayyohlardan Facebook yoki Twitter dagi sahifalari haqida ma’lumot olish kerak, degan taklif bilan chiqqan.

Agar tasdiqlansa, chegaradan o’tayotganda yoki AQShga kelishdan oldin internet orqali vizaga hujjat topshirayotganda shu haqdagi savol anketaga kiritiladi. Unga javob berish ixtiyoriy bo'ladi.

AQShga vizasiz kirish imtiyoziga ega 38 mamlakatdan salkam 24 million fuqarodan ham Facebook va Twitter sahifasi so'ralishi mumkin.

Ijtimoiy sahifalarga aloqador ma’lumotlar tergov va tekshiruv jarayonida qo’l kelishi, tahlilchi va tergovchilarga muayyan tergov ishiga aloqador voqealarni bir-biriga bog’lashda yordam berishi aytilmoqda.

Kongressda qonunchilar ham ijtimoiy sahifalardagi ma’lumotlardan terror xurujlarini fosh etishda va tergov qilishda foydalanishga doir qonun loyihalari ustida ishlamoqda.

Shunday hujjatlardan birining muallifi – senator Jon Makkeyn. Uning taklif etishicha, AQShga kelish uchun vizaga murojaat qilganlarning internet, ijtimoiy sahifalardagi faoliyatini tekshirish zarur.

"Aslida Ichki xavfsizlik vazirligi Kongressning shu haqda qonun ishlab chiqishini kutmay qilishi kerak bo’lgan chora bu”, - deydi Makkeyn.

So’nggi taklifda ijtimoiy sahifasida chop etgan materiallari barcha uchun ochiq bo’lgan insonlar haqida gap ketmoqda.

Senator Chak Shumer esa AQShda terror xuruji uyushtirmoqchi bo’lgan odamlarning niyati haqida ijtimoiy sahifa orqali xabar topib, ma’lumot ulashgan odamlarni 25 ming dollardan 25 million dollargacha miqdorda mukofotlashni taklif etgan.

"Hozirgi zamonda ruhan zaif yoshlarni yo’ldan urish oson bo’lib qolgan. Ular terrorchilarning internetdagi gaplariga uchib, xuruj rejalashi yoki uyushtirishi mumkin. Jamoatchilik esa bunga ko’z-quloq bo’lib, bunday odamlarning ijtimoiy sahifalardagi yozuvlari biror kor-holga olib kelishini sezsa, darrov xabar berishi kerak”, - deydi qonunchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG