AQSh Senati Eronga yangi sanksiyalar joriy etishni to'xtatib turadi

  • Amerika Ovozi

Kapitoliy, Vashington

Kapitoliy, Vashington

AQShda demokrat senator Robert Menendez Eronga yangi sanksiyalar joriy etish haqida o'zi olg'a surgan qonun loyihasini to'xtatib turishga rozi. Eron yadro dasturiga doir xalqaro muzokaralar 24-martgacha uzaytirilgan. Prezident Barak Obama muloqot yakunlanmaguncha Kongressdan yangi jazo choralarini joriy etmaslikni so'ragan edi. Davlat rahbariga ko'ra, bu diplomatik sa'y-harakatlarga ziyon yetkazadi.

Senator Robert Menendez Eronga qo'shimcha jazo choralarini tatbiq etishga qaratilgan har ikki partiya homiyligidagi qonun loyihasiga yetakchilik qilayotganidan g'ururlanishini aytadi. U respublikachi senator Mark Kirk bilan birga "Yadrodan xoli Eron" qonunini ishlab chiqqan. Ammo senatorning shu hafta qonun bo'yicha ovoz berishni ortga surish haqidagi taklifi ko'pchilik uchun kutilmagan hol bo'ldi.

"Bugun ertalab demokrat hamkasblarim bilan birga prezidentga maktub yo'llab, 24-martgacha Kirk-Menendez loyihasini senatdan o'tkazmasligimiz haqida ma'lum qildim. Eronning yadro quroli yaratish imkoniyatlarini qirqishda diplomatik harakatlar samara beradi, deb umid qilamiz", - dedi senator.

Ammo Menendez Eronning kelishuvga erishishni chin dildan istashiga hanuz shubha qilishini ham ta'kidladi.

Senatning Tashqi aloqalar qo'mitasini boshqarayotgan respublikachi Bob Korker Menendez fikrining o'zgargani loyihaga jiddiy ta'sir qilishini aytadi.

"Bir ovoz bo'lib, Eronga o'z kuchimizni ko'rsatishni istayotgan ekanmiz, sanksiyalar haqidagi qonun 24-martgacha senatda ovozga qo'yilmasa kerak", - deydi u.

AQSh Davlat kotibi o'rinbosari Antoni Blinken Eronga qarshi yangi qonun qabul qilmaslik haqidagi Obama ma'muriyati talabini yana bir bor Kongressning yodiga soldi. Qonunchilarning niyati xolis, ammo ovoz berish oqibati falokatli bo'lishi mumkin, deydi u.

"Bizning qat'iy fikrimiz shuki, hozirgi paytda yangi sanksiyalarga hojat yo'q va u muzokaralar istiqbolini jiddiy tahdid ostiga qo'yadi. Shu paytgacha erishilgan natijalarni yo'q qilib, kelishuvga erishish imkoniyatini kamaytiradi", - deydi u.

Blinkenga ko'ra, agar AQSh yangi sanksiyalar joriy etsa, muzokarada qatnashayotgan boshqa ittifoqchilar Vashingtonni masalaga jiddiy yondashmayotganlikda ayblaydi. Eronning konservativ rahnamolariga esa muloqotdan bosh tortish uchun imkoniyat yaratiladi.

Prezident Obama muzokaralar davom etayotgan paytda Eronni jazoga tortuvchi har qanday qonunga veto qo'yishini bildirgan. Respublikachilar Kongressning har ikki palatasida ko'pchilikni tashkil etsa ham, davlat rahbarining vetosini kuchdan qoldirish uchun demokratlarning qo'llab-quvvatloviga muhtoj.

AQSh, Fransiya, Germaniya, Britaniya, Rossiya va Xitoy bir yarim yildan beri Eronning yadro dasturi yuzasidan muzokara olib bormoqda. Tomonlar martning oxirigacha siyosiy kelishuvga erishishni maqsad qilgan. Bitimning texnik detallari iyul oyigacha yakunlanishi kerak.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG