Amerika senatorlari Misr siyosiy kelajagiga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh Senati

AQSh Senati

AQSh Senatidagi qonunchilar Misrda yangi saylangan prezident Muhammad Mursiyning islomiy harakatdan chiqqaniga xavotir bilan qarab, Misr tashqi siyosati va, xususan, Qo'shma Shtatlar bilan munosabatlari bundan keyin qanday bo'lishi haqida umid va xavotirlar bildirildi.

Kaliforniya shtatidan saylangan demokrat senator Dayan Faynshtayn Razvedka bo'yicha qo'mitaga rahbarlik qiladi.

"Misrdagi yangi hukumatdan nima kutishni bilmaysan. Iqtisodiyotni rivojlantirib, yoshlarni ish bilan ta'minlashi, xilma-xil fikrlarga quloq tutishiyam mumkin. Qonunlarini shariatga asoslab, radikal musulmon davlatga aylanishiyam mumkin. Mana shunisi xavotirli", - deydi qonunchi.

Tenessi shtatidan saylangan respublikachi senator Bob Korker Tashqi aloqalar qo'mitasi raisi. Uning aytishicha, bularni bilish uchun bir oz sabr qilish kerak.

"Hammamiz tashvishdamiz. Kelasi bir-ikki oyda Misrda bo'lib, yangi prezident bilan gaplashish niyatim bor. Biroq prezident vakolatlari cheklangan. Haqiqiy hokimiyat harbiylar qo'lida. Shunisi xavotirga molik. Hammamiz ham Misrda demokratiya bo'lishini istaymiz", - deydi senator.

Misr uzoqdan buyon AQShdan yiliga yirik miqdorda moliyaviy yordam olib keladi. Kongress har yili mablag'ni tasdiqlashi lozim. Ammo Merilend shtatidan saylangan demokrat senator Ben Kardinning aytishicha, bu safar masala Kongressda jiddiy tortishuvlarga sabab bo'lishi mumkin.

"Misr Qo'shma Shtatlar uchun juda muhim. Bu davlatda yirik manfaatarimiz bor. Dunyodagi eng katta arab davlati bu. Xalqaro miqyosda Misr bilan ko'p ishlarni qilish mumkin. Maqsadimiz aniq. Ekstremistlarga qarshi kurashda, Yaqin Sharqda tinchlik o'rnatishda ishonchli hamkorga muhtojmiz. Amerika soliq to'lovchilari pulining to'g'ri maqsadlarda sarflanishini bilishimiz lozim, Amerika xavfsizlik manfaatlarini himoya qilishimiz kerak", - deydi senator Kardin.

Senat Tashqi aloqalar qo'mitasining yana bir a'zosi, indianalik keksa respublikachi senator Richard Lugarning aytishicha, Musulmon Birodarlar harakatining sobiq a'zosi Muhammad Mursiy boshqaruvi paytida AQSh-Misr aloqalari avvalgiday bo'lishi juda muhim. Mursiy prezidentlikka saylangach, harakatni tark etdi.

"Misr prezidenti inson huquqlarini oyoq osti qilmaydi, demokratik jarayondan chekinmaydi, AQSh bilan hamkorlikni davom ettiradi degan umiddaman", - deydi Lugar.

Senat Qurolli kuchlar qo'mitasi raisi, michiganlik demokrat qonunchi Karl Levin ham shundan umidvor.

"Muhammad Mursiy mo'tadil siyosat yuritishini, qo'shni davlatlar bilan hamkorlik qilishini, Misr jamiyatidagi radikal kuchlar bilan til topishishini istaymiz", - deydi senator Levin.

Dayan Faynshtayn Misr Isroil bilan ham aloqani buzmasligiga umid qilmoqda.

"Davlatlar bir-birini hurmat qilishi kerak. Isroilning suveren davlat sifatidagi huquqini inkor etmaslik, diplomatik munosabatlarni yuritish juda muhim", - deydi senator.

Yakshanba kuni prezident Barak Obama Muhammad Mursiy bilan telefon orqali AQSh-Misr aloqalarining bugungi ahvoli va munosabatlarni rivojlantirish haqida gaplashgan. Mursiyning aytishicha, Misr xalqaro bitimlarning barchasini bajarishda davom etadi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG