Breaking News

Amerika motamda, qatliom yuzasidan tergov avjida


Motam va xotira marosimlari
Motam va xotira marosimlari

Maktabdagi fojia


Amerikaliklar kecha Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabda yuz bergan qatliomdan dahshatda.

Qurollangan yigit sinfma-sinf yurib, 26 kishini o’ldirgan. 20 nafari 6-7 yoshdagi bolalar, qolgani muallimlar, ular orasida maktab direktori ham bor.

"Amerika Ovozi" xabarlari, 15-dekabr, 2012
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:08:12 0:00
Yuklab oling

Qotil 20 yoshli Adam Lanza ekani aniq, deydi politsiya. Lanza shuncha odamni o’ldirgach o’z joniga ham qasd qilgan. Uning o’qdan teshilgan jasadi maktab koridoridan topilgan, yonida uch qurol, bir avtomat va ikki to'pponcha, bilan.

Yigitning onasi shu maktabda ishlagani ma’lum. Adam Lanza avval onasini o’qqa tutgan, keyin uning mashinasida maktabga yo’l olgan, deydi tergovchilar. Uning akasi Rayan Larza so’roq qilinmoqda va oiladagi mashmashalar nima uchun bunday jinoyatga yetaklagani tez orada fosh etilishi kerak.

Kuzatuvchilar Adam Lanza esini yo’qotgan, doimiy depressiyada yashayotgan yoshlardan biri ekani aniq deydi.

Nyuton degan shaharchadagi maktab qo’shni Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlaridan uzoq emas.

Motam va xotira marosimlari


Konnektikut shtati gubernatori Dannel Malloy ibodatxonada so’zlar ekan, “biz tomonlarga shayton kelib ketdi” deydi.

Halok bo’lgan bolalarning ota-onalari anduhini yer yuzidagi jamiki inson tushunadi, deydi prezident Barak Obama.

Kecha u Oq Uydan turib bu borada xalqqa murojaat qilar ekan, Obama ko’zidan yoshlarini tuta olmadi.

Amerika bunday jinoyatlardan to’ydi, deydi u. Jamiyat bunday talofatlarning oldini olish uchun jiddiy choralar ko’rishi lozim. Muammoga javobni o’zimizdan qidiraylik, deydi prezident.

AQShda qurolga egalik qilish huquqi konstitutsiya tomonidan kafolatlangan, ammo ko’plab shtatlar ko’pchilik ovoz bilan bu huquqni cheklaydi. Ular nazarida fuqarolarning erkin qurol ko’tarib yurishi jamiyat uchun xavf. Konnektikut shunday shtatlardan biri.

Kechagi xuruj qurol yuzasidan tinmaydigan bahs-munozaralarni yanada alanga oldirib yubordi.

Demokratik partiya qattiq nazorat tarafdori. Respublikachilar esa qurolga egalik uzviy huquq deb keladi.

Oq Uy pozitsiyasi shuki, hozir bu borada tortishadigan payt emas.

Har shanba prezident xalqqa murojaat qilganidan keyin muxolifat, respublikachilar, ham o’z munosabatini bildiradi. Bugun bu partiya faqat Barak Obama so’zlasin degan. Xalqimiz bir jon, bir tan, deydi arboblar.

Tirik guvohlar


Qatliomga guvoh bo’lgan o’qituvchilardan biri Keytlin Rogning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bolalar hayotini asrash asosiy vazifa edi:

“Qo’rqinchdan qaltirab turgan norasida go’daklarga qarab, o’zimni tutishga ahd qildim. Eng muhimi, qotildan ularni yashirish dedim. O’q ovozlari ostida berkinishga harakat qildik. Lekin o’lishimiz ehtimoli ham yuqori ekanini anglab, o’quvchilarimni bag’rimga oldimda, sizlarni yaxshi ko’raman, bolajonlarim, dedim”.

Har yili AQShda 10 mingdan oshiq odam qurolli hujum qurboni bo’ladi.

Adam Lanza, jinoyatni amalga oshirgan shaxs, uch qurolga ega bo’lgan, hammasi uning onasi Nensi Lanza nomi ostida.

“Mahallalarimiz, farzandlarimiz… Ularning xavfsizligi - ustuvor masala. Siyosat o’z yo’liga, ammo tinchlik eng zarur talab ekan, hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, atrofga qarab, nima bo’layotganini anglashimiz kerak”,- deydi Barak Obama.

Nyu-York shahar meri Maykl Blumberg fikricha hukumat qurolni cheklash haqida allaqachon aniq bir qarorga kelishi kerak edi.

Vashingtonda hamma gapga usta, bu orada qancha qancha jinoyatlar, nega shu damgacha biror konkret chora ko’rilmadi, deya so’raydi u.

AQSh Qurol Uyushmasi – mamlakatda bu sohada eng yirik lobbichi.

Tashkilot Kongressning ko’plab a’zolarini quvvatlab keladi, ya’ni ularning qayta saylanishida moliyaviy yordam beradi.

Har bir fuqaro istasa qurol sotib olishi va o’z xavfsizligi va ov maqsadlarida qo’llashi mumkin, deya bildiradi bu uyushma.

Butun dunyo Amerikaga hamdardlik bildirmoqda


Avstraliya Bosh vazirasi Julia Gillard deydiki, bu tushunib bo’lmaydigan qabihlik.

“Mening xalqim siz bilan. Biz ham anduhdamiz”, - deydi Gillard.

Fransiya rahbari Fransua Olland bu xabar haqida bilganida shokka tushganini aytadi. Nahotki, nima uchun degan savollar qiynaydi odamni, deydi u.

Yevropa Ittifoqi bosh diplomati Ketrin Eshton va Yevropa Komissiyasi raisi Joze Manuel Barroso voqea haqida gapirar ekan, bu qadar noinsoniy ishlar hammani birdek dahshatga soladi, deydi.

Britaniya qirolichasi Elizaveta va Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay Barak Obamaga hamdardlik nomalari yo’llagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG