Amerikada qonli bir hafta yakunlandi

  • Amerika Ovozi

O’tgan kunlar ichida Amerikaning turli shaharlarda politsiya zulmiga qarshi o'tgan namoyishlarda o’nlab odam hibsga olindi. Ayni paytda Dallas shahrida besh politsiyachining o’limi mamlakatni larzaga solgan. Ular sharafiga ibodat kechalari o’tkazilmoqda.

Minnesota shtati, Seynt Pol shahrida namoyishchilar politsiyaga tosh va shishalar bilan hujum qildi.

Trassalarda mashinalar qatnovini to’xtatgan olomonni tarqatish uchun tutunli granatalar va ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’llandi.

60 dan ziyod odam hibsda. To’qnashuvlarda besh politsiyachi yengil jarohat olgan.

Texasda besh politsiyachining hayotiga zomin bo’lgan otishma joyida hozir tergov ketyapti. Jinoyatni bir necha snayper sodir etgani haqidagi gumonlar tasdiqlanmadi.

Mayka Jonson

Mayka Jonson

Politsiyachilarni 25 yoshli sobiq harbiy, Afg’onistonda xizmat qilgan Mayka Jonson o’ldirgan. Jonson jinsiy tajovuzda ayblanib, xizmatdan haydalgani ma’lum bo’ldi.

U Texasning Meskit shahrida onasi bilan yashagan. Uning uyidan qurollar, o’q-dori va bomba yasovchi materiallar topildi.

Luiziana va Minnesota shtatlarida qora tanlilar politsiya o’qigan o’lgani Dallasdagi voqeaga turtki bergan bo’lishi mumkin. Afro-amerikaliklar politsiyani irqchilik va diskriminatsiyada ayblab, mamlakat bo’ylab namoyishlar uyushtirmoqda.

Prezident Barak Obama amerikaliklarni bir-birini e’zozlashga, xalqni birdam bo’lishga undayapti. Xunrezliklar politsiya zo’ravonligi va irqchilik mavzusini yana bosh o’ringa olib chiqdi.

“Bir-birimiz bilan o’zaro hurmat asosida gaplashsak, bu mavzularni bosiqlik bilan muhokama qilsak, jamiyatda haqiqiy o’zgarish qila olamiz”, - deydi Obama. Uning aytishicha, “Qora tanlilar ham odam” deb nomlangan harakat a’zolari va huquq-tartibot idoralari bir-biriga quloq tutmog’i lozim.

Adliya tizimidan norozi odamlar politsiyaga qarshi zo’ravonlik bilan tizimni o’zgartira olmaydi, deydi prezident.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG