Amerikaliklar Kongressga lan'atlar aytmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York

Nyu-York

Kongress yangi moliyaviy yil uchun zarur hujjat yuzasidan bir qarorga kelolmas ekan, federal hukumat qisman ishdan to'xtab qolgan.

Respublikachi qonunchilar demokrat prezident Barak Obamaning Sog'liqni saqlash tizimi to'g'risidagi islohot dasturini qoralab, uning amaliyotini bekor qilmoqchi. Bu programma olib tashlanmasa, byudjet loyihasi tasdiqlanmaydi, deydi konservatorlar.

Demokratlar esa bunga qa'tiyan qarshi va raqib partiyani nayrangbozlik va mas'uliyatsizlikda ayblamoqda. Kelasi yil byudjeti va islohot dasturi boshqa-boshqa masalalar, deydi ular.

Sog'liqni saqlash tizimi islohotiga doir qonun uch yarim yil oldin qabul qilingan va bugun, 1-oktabrdan binoan kuchga kirdi. 1-oktabr - moliyaviy yilning birinchi kuni.

Poytaxt Vashington huvillab qolgan, chunki idoralar bo'sh. Faqatgina eng zarur deb hisoblangan xizmatchilarni ko'rasiz, masalan xavfsizlik xodimlari.

Majburiy, bepul ta'tildan ayniqsa oilali odamlar norozi. O'smir qizi bilan ketayotgan homilador ayol o'zini Sharika Xud tanishtirib, shunday deydi:

"Ishga borishni man qilishdi, chunki qonun shuni talab qiladi. Byudjetsiz ishlay olmaymiz. Lekin oilani boqish kerak. Oilam byudjeti nima bo'ladi?"

Xususiy sektor va nodavlat tashkilotlar faoliyati to'xtamagan lekin hukumat bilan aloqa qila olmaydi, chunki davlat moliya tizimi yopiq.

Restoranlar va kafelarda odam kam, chunki xo'randalarning aksariyati odatda federal xizmatchilar.

Iqtisodiy tahlilchi Josh Bivens:

"Qonunchilar byudjetni o'z vaqtida ma'qullamay bir-biriga tosh o'tib o'tirgani - sharmandalik. Amerika hukumati nafaqat dunyoga balki o'z xalqiga ham sharmanda hozir. Hukumat ishlamasa, mamlakatda hayot qiyinlashadi. Nahotki Kongress shunchalik tubanlikka bordi?”

Turizm eng ko'p daromad keltiradigan sohalardan biri. Lekin muzeylar va istirohat bog'lari yopiq. Hatto fontanlar o'chirilgan.

Masalan Nyu-Yorkda "Ozodlik" haykali joylashgan kichik orolga qulf osilgan.

"Amerika jamiyati birdam ekani bilan faxrlanib kelgan. Bugungi manzara buning aksini ko'rsatmoqda. Kongressdagi vakillar, xalq saylagan qonunchilar, murosa yo'lini izlamay mana nimaga olib kelishdi. Lan'atlar bo'lsin bunday siyosatga",- deydi Vashington markazida bolalarini yetaklab ketayotgan bir ona.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG