AQSh hukumati qachon byudjetga ega bo'ladi, hozircha noma'lum

  • Amerika Ovozi

Senat sardori, demokratlar yetakchisi Garri Rid Kongress oldidan turib, respublikachilarni o'z vazifasini ado etishga, byudjet uchun ovoz berishga chaqirdi. Davlatni hech qanday shartlarsiz zarur mablag' bilan ta'minlash kerak, deydi u.

Senat sardori, demokratlar yetakchisi Garri Rid Kongress oldidan turib, respublikachilarni o'z vazifasini ado etishga, byudjet uchun ovoz berishga chaqirdi. Davlatni hech qanday shartlarsiz zarur mablag' bilan ta'minlash kerak, deydi u.

12 kundirki Amerika hukumati ishdan to’xtab qolgan. Byudjetsiz ekan, bir millionga yaqin xizmatchi majburiy, bepul ta’tilda. Eng zarur sohalarda faoliyat to’xtamagan, ammo ishchilar qachon maosh oladi, bu mavhum.

Oq uy va Kongress orasidagi kelishmovchiliklarning tubi ko’rinmayapti. Muzokaralar davom etmoqda, ammo murosadan darak yo’q.

Buning ustiga 17-oktabrgacha davlat qarzi yuzasidan bir qarorga kelinmas ekan, butun moliyaviy tizim jar yoqasida.

Kredit shiftini ko’tarmasak, AQSh o’z majburiyatlarini ado eta olmaydi, deya ogohlantirmoqda moliya vazirligi.

Demokratlar va respublikachilar muammolarda bir-birini ayblash bilan band.

Oq uy konservatorlarni mas’uliyatsizlikda qoralamoqda. Prezident Barak Obama fikricha, Kongress darhol yangi moliyaviy yil uchun byudjetni ma’qullashi shart. Bu masala yo’lida biror to’siq yo’q, deydi u.

Respublikachilar esa bu qonun bahonasi bilan prezidentning yaqinda kuchga kirgan islohot dasturini yo’q qilmoqchi. Sog’liqni saqlash tizimiga katta o’zgarishlar olib kelayotgan qonun Amerikada yashaydigan har bir shaxsdan tibbiy sug’urtaga ega bo’lishni talab qiladi va ish beruvchilar bo’yniga ulkan majburiyatlar yuklaydi. O’zini xususiy sektor himoyachilari deb biladigan respublikachilar ta’biricha, Obama tanishtirgan bu dastur bizneslarni badnom qiladi, Amerika kapitalizmini o’ldiradi.

Demokratlar esa buning aksini aytib, muxolif partiyani prezidentga qarshi tuhmatda ayblaydi. Sog’liqni saqlash tizimi islohoti bilan bog’liq qonun 2010-yilda qabul qilinganidan beri tanqid ostida. Konservatorlar da’vosi asosida Oliy Sud uni ko’rib chiqqan va konstitutsion qaror deb topgan.

Respublikachi senator Syuzan Kollins byudet yuzasidan murosaga erishish uchun harakat qilayotgan siyosatchilardan. Kecha prezident bilan muloqotini u ijobiy baholab, yechimga yaqinmiz, deydi.

Xalqaro hamjamiyat Amerikadagi vaziyatdan tashvishda, chunki dunyoning eng yirik iqtisodiyoti jarlik yoqasida ekan, u bilan hamkorlik qiladigan har bir tizim zarar ko’rishi mumkin.

Vashingtonda kecha Katta Yigirmalik moliya vazirlari uchrashdi.

“Hammamiz xavotirdamiz. Mavhumlikdan hech kim foyda ko’rmaydi. Vashingtondagi mashmasha tezroq hal bo’ladi, degan umiddamiz”,- deydi Rossiya Moliya vaziri Anton Sulianov.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG