Amerikaning qayta tug'ilayotgan shaharlari

  • Amerika Ovozi

Breddok, Pensilvaniya

Breddok, Pensilvaniya

Amerikada iqtisodiy inqiroz sababli aholisi kamayib ketgan, bizneslar yopilib, binolar xarobaga aylangan shaharlar ko’p. Lekin ba’zilari asta-sekin oyoqqa turmoqda.

Pensilvaniya shtatidagi Breddok bundan yarim asr avval obod shahar edi. 40 yil oldin AQSh po’lat sanoati inqirozga uchraganidan keyin bu yerda ham tanazzul boshlandi.

“Farovonlik davrida aholisi 20-21 ming edi. Endi shuning 10 foizigina qolgan. Shahar uchun bu juda yomon jarayon,” – deydi fotosuratchi Jorj Smit. Bu joylarni bolaligidan yaxshi biladi.

“Breddok men tug’ilib o’sgan joydan bir yairm kilometrcha narida. Oilam ham o’sha yerda yashaydi”.

Ikki yil oldin Smit shahar markazidagi qarovsiz binolarni suratga ola boshlagan. Yaqinda “Breddok loyihasi” nomi ostida shu suratlarni ko’rgazmaga qo’ydi.

“Juda ko’p joylarni suratga olganman. Ularning kattagina qismi vayronaga aylanib bo’ldi,” - deydi u.

Shaharni qayta qurish rejasiga ko’ra, aksariyat binolarni buzish kerak. Smit deydiki, Breddok 2005-yilda, shahar meri etib Jon Fetterman saylanganidan keyin qayta tug’ilgan.

“U Garvard universtetini bitirgan. Breddokda AQSh hukumatining “AmeriKorp” ko’ngillilar dasturida xizmat qilgan. So’ngra boshqa joyda ishlab, muvaffaqiyatga erishish va boylik orttirish o’rniga u Breddokda qolib, shaharni qayta qurishga bel bog’lagan,” - deydi Smit.

“Universitetni bitirgach jamiyat farovonligi yo’lida ishlagim keldi. Men bu shaharda o’z maqsadimga erishaman deb ishonaman, hayotim mazmuniga aylandi bu ish,” - deydi merning o'zi.

Kasbi iqtisodchi Fetterman uchun Breddokni qayta qurish asosiy maqsad bo’lib qoldi.

“Men borimni jamiyatga bag’ishlamoqchiman. Umrimda bittagina uy sotib olganman. U ham bo’lsa mana shu yerda, Breddokda. Shu shaharda uylandim, ikki o’g’illi bo’ldim”.

Deyarli 10 yildan beri shahar rahbariyati va mahalliy ishbilarmonlar Breddokni obodonlashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish ustida ishlaydi.

Breddok shahri meri Jon Fetterman

Breddok shahri meri Jon Fetterman

Professor Mark Stapp Arizona universitetida ko’chmas mulk bo’yicha dars beradi. Ko’pgina kichik shaharlarda qayta qurish avjida, deydi u:

“Bu tabiiy jarayon. AQSh va dunyoning boshqa mamlakatlarini bir o’rganib ko’rsangiz, hamma joyda mana shunday, yoshini yashab bo’lgan manzillarni topasiz. Iqtisoddagi o’zgarishlar bunga sabab bo’ladi”.

Inqiroz davrida omon qolish uchun nafaqat odamlar, balki shaharlar ham harakat qilishi, yangi iqtisodiy vaziyatga moslashishi kerak. Shunday der ekan, professor Stapp atrofidagi qurilishga e’tibor qaratadi:

“Bir vaqtlar dala bo’lgan joylarda endi uylar. Shahar kengaymoqda, unga yangi hududlar kirdi”.

Breddok. Fotosuratchi Jorj Smit ko'rgazmasidagi surat.

Breddok. Fotosuratchi Jorj Smit ko'rgazmasidagi surat.

Katta shaharga aylanish shart emas, deydi Stapp.

“Milliy iqtisodning uzviy qismiga aylansa, bu yerda yashashga qiziqqan odamlar ko’payadi. Masalan, katta shaharlarda yashashni istamagan odamlar bor. Agar bu yerda texnologiya rivojlanib, qulay transport va boshqa inshootlar qurilsa, ko’plar katta shaharlardan bu yerga ko’chib kelishi ham mumkin”.

Fotosuratchi Jorj Smit kelasi 10 yil davomida yiliga ikki marta fotoapparatini ko’tarib Breddokka kelmoqchi. Shaharning qayta dunyoga kelayotganini suratga olmasa bo’lmaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG