Amerikada sotsializm: Tarix va istiqbol

  • Amerika Ovozi

Amerika mehnatkashlari Ben Shan ishlagan tarixiy suratda

Amerika mehnatkashlari Ben Shan ishlagan tarixiy suratda

AQShda prezident saylovlari yaqinlashmoqda. Respublikachilar va demokratlar o’rtasida kurash qizg’in pallaga kirgan. Dunyoning eng qudratli davlati siyosiy sahnasida, asosan, shu ikki partiya faoliyati ko’zga tashlanadi.

AQSh dunyoda sanoati eng rivojlangan mamlakat. Ammo bu yerda ishchilar manfaatini himoya qiluvchi Sotsialistlar partiyasi yo’q.



Shimoliy Karolina universiteti professori Geri Marks buni jamiyatda davlat rolining sustligi bilan izohlaydi.

AQSh boshqalarga o’xshamaydigan o’ziga xos demokratiyaga ega”, - deydi professor.

Uning aytishicha, 1776-yil Britaniya mustamlakasidan ozod bo’lgandan beri cheklangan hukumat, ijtimoiy faollik, o’ziga ishonch va tenglik Amerika e’tiqodiga aylangan.

“Davlatning, hukumatning kattaligidan shikoyat qilib, uni qisqartirishga urinamiz. Aslida G’arb dunyosidagi eng cheklangan hukumat bizda. AQShda davlatga qarshi bo’lish, individuallik madaniyati shakllangan. Masalan, davlatning jamiyatdagi roli Yevropa mamlakatlariga qaraganda ancha tor”, - deydi professor Marks.

Birinchi jahon urushi arafasida Amerika shaharlaridagi og’ir ish sharoiti bois mamlakatda sotsializm tarafdorlari ko’paydi. 1912-yilgi prezident saylovlarida, hatto Sotsialistlar partiyasidan nomzod Yujin Debs ishtirok etib, saylovchilarning olti foiz ovozini qozondi. Ko’plab shaharlarda yuzlab sotsialistlar hukumat idoralariga saylandi. Ammo partiyaning o’z muammolari bor edi.

“Sotsialistlar kichik partiya edi. Nufuzi u qadar baland emas edi, - deydi siyosatshunos Geri Marks. “Ular ideal jamiyat g’oyasini olg’a surishgan. Butunlay boshqa bir jamiyat qurishni. Kasaba uyushmalari esa “bizga hozir va shu yerda kerak” deydiganlar toifasidan edi”.

Xom-hayolga berilgan va asosiy siyosiy partiyalarga shubha bilan qarovchi sotsialistlardan farqli o’laroq kasaba uyushmalari ish haqini oshirish va turmush sharoitini yaxshilash masalasida demokrat va respublikachilar bilan ishlar edi.

Jons Xopkins universitetida Amerika hukumatini o’rganish markazi direktori Benjamin Ginzbergning aytishicha, ishchilarni siyosatdan ko’ra iqtisodiy masalalar ko’proq qiziqtirardi.

“Amerikada mehnatchilar alohida kuch bo’lgan paytda oq tanlilar allaqachon ovoz berish huquqiga ega edi. Shuning uchun siyosiy huquqlar uchun kurashishga hojat yo’q edi”, - deydi tahlilchi. “Kasaba uyushmalari mavjud partiyalar – demokratlar, respublikachilar, ulardan oldingi viglar partiyasi bilan hamkorlik qilishni afzal ko’rdi”.

1930-yillar iqtisodiy inqirozi boshlanishi bilan sotsialistlar Amerikada ishchilar partiyasini tuzish fursati keldi, deb o’yladi. Biroq, deydi siyosatshunos Ginzberg, bunga kech bo’lgan edi.

“Buyuk tushkunlik va iqtisodiy inqiroz davrida ishchi partiyalarini tuzishga imkon tug’ilgandek bo’ldi”, - deydi Ginzberg. “Ammo Franklin Ruzvelt prezidentlikka kelib, “Yangi kelishuv” nomli koalitsiya tuzishi bilan ishchilar qatlami Demokratik partiyada jiddiy kuchga aylandi. Kasaba yushma yetakchilari ulardan ajralib, mustaqil harakat qilishdan biror naf bo’lmasligini tushundi”.

Har ikki partiya tizimi doirasida ishchilar uyushmalari faol bo’lgan. Buyuk Tushkunlik davridan beri ishchilar, odatda, demokratlarni qo’llab-quvvatlagan. Partiya so’l qarashlarga ega odamlarga quchog’ini ochdi.

“Sotsialistlar AQSh siyosiy tizimi mohiyatini hech qachon yaxshi tushunmagan”, - deydi professor Marks. “Uchinchi partiyalarning AQShda ko’pchlik ovozlarni qo’lga kiritishi imkonsiz. Buning uchun imkon qadar keng koalitsiya tuzib, mafkuraga urg’u bermay, rang-barang guruhlarni jalb etishga harakat qilish kerak”.

Fuqarolar urushidan beri AQShda saylovchilarning 95 foizi demokrat yoki respublikachilar partiyasiga ovoz berib keladi. Bu ahvol hali beri o’zgarmaydi. Amerika siyosiy sahnasining o’ziga xosligi saqlanib qolar ekan, Sotsialistlar partiyasining vujudga kelishi ayrimlar uchun faqat orzu bo’lib qoladi, xolos.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG