Dunyodagi eng katta quyosh energiyasi zavodi ochilish arafasida

  • Amerika Ovozi

2013-yilning oxirida Kaliforniyada dunyodagi eng katta quyosh energiyasi zavodi ishga tushdi. Shamol va quyosh yordamida olingan quvvat odatda tabiat uchun zararsiz hisoblanadi. Ammo ekologlar bunday yirik loyiha cho’l ekosistemasiga zarar yetkazishidan xavotirda.


Ayvanpa Las-Vegasdan 60 kilometr masofada, Kaliforniyadagi Mohavi cho’lida sarob kabi miltillab turgan oynalar dalasi. Jo Dezmond zavodni qurayotgan “BrightSource Energy” kompaniyasi vakili:

“Ayvanpada eng ko’p quyosh nuri mujassamlangan. Dunyoda boshqa bunday joy yo’q”.

Zavodda 170 mingta geliotrop oynalar o’rnatildi. Ular yordamida quyosh energiyasi uchta minorada joylashgan qozonlarga yuboriladi. Qozonlar ishga tushib, ulardagi bug’ turbinalarni harakatga keltiradi va energiya ishlab chiqariladi.

Dezmond bug’ harorati 260 darajadan ham oshishi mumkin, deydi:

“Quyoshning issig’ini eritilgan tuz shaklida saqlashimiz mumkin. Bu bizga hatto quyosh botganida elektr energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Oftobli joylarda, masalan, Xitoy, Janubiy Afrika, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada quyosh energiyasini saqlash va to’plash masalasiga qiziqish katta”.

Ekologlar ham quyoshdan quvvat olish tarafdori, ammo tabiatga zarar yetmasin, deydi:

“Cho’l bepoyon tuyulsa-da, odamlar uni egallagani sari jonzot va o’simliklarga ta’siri seziladi. Ular tirik qoladimi yoki asta-sekin nobud bo’ladimi? Shunisi muhim”.

Liza Belenki Biologik xilma-xillik markazida huquqshunos. Ayrim ekologlar “Google” kompaniyasi yordamida Mohavi cho’lida qurilayotgan quyosh energiyasi zavodi o’simlik va hayvonlarga zarar yetkazishidan xavotirda, deydi u:

“BrightSource Energy” kompaniyasi yo’q bo’lib ketish arafasida turgan cho’l toshbaqalarini ko’chirish uchun 50 million dollar sarfladi. Belenki bu yechim emas, deydi:

“Ilgari ishlatilgan yerlar, masalan, eski konlardan foydalanish kerak. Quyosh batareyalarini uy, binolar va hatto mashinalar parkovkasi joylarida o’rnatish mumkin”.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG