Cho'lda odamlar hayotini saqlab qolayotgan tashkilot

  • Amerika Ovozi

Sonora cho'lida AQSh hududini Meksikadan ajratib turadigan devor

Sonora cho'lida AQSh hududini Meksikadan ajratib turadigan devor

Sonora dashti Shimoliy Amerikadagi eng issiq joylardan. Shunga qaramay Meksikadan chegarani kesib o’tmoqchi bo’lganlar ko’p hollarda aynan shu yerni tanlaydi. Safarga chiqqanlar orasida chanqoqlikdan nobud bo’lganlar kam emas. Bir nodavlat tashkilot cho’lda suv manbalari o’rnatib, odamlar hayotini saqlab qolmoqda.

Cho’lda suvdan zarur narsa yo'q.

“Bu yerda bir necha kun davomida yurib, na quduq, na buloq topa olasiz. Omadingiz chopsa, faqat mol ichadigan idishlarda o’t o’sgan suv topasiz. Balki yomg’irdan keyin kichik, loyqa ko’lmaklarga ko’zingiz tushar. Bu ham omad. Aslida suv yo’q,” - deydi iste’fodagi harbiy Joel Smit.

U Arizonaning Tuson shahrida joylashgan “Insoniy chegaralar” nomli gumanitar tashkilotia ishlaydi.

Sonora cho’lida strategik joylashgan konteynerlarni toza va muzdek suv bilan to’ldirish uchun mas’ul. Axir suvsizlanish bu yerda o’limning asosiy sababi. Katta bochkalar o’rnatilgan.

Hech qachon uchratmagan odamlar uni qahramon deb biladi. Ayrimlar esa boshqacha fikrda.

Arizonada “Minitmen loyihasi” deb nomlangan guruh ham bor. Minitmen Amerika inqilobi qatnashchilarining nomi. Ular AQSh sarhadlarini qurol bilan himoya qiladigan ko’ngillardir. Bu harakat vakillari noqonuniy muhojirlarni otib o’ldirishga ham tayyor.

Immigrantlarga yordam bergan odamlar ham bu guruh g’azabiga uchraydi. Kelgindilarga madad ko’rsatgan odam ular tomonidan qo’rqitiladi, deydi Xuanita Molina.

“Afsuski, bu guruh suv konteynerlarimizni buzib yoki iflos qilib ketadi, bizning urinishlarimizga doim qarshilik ko’rsatadi. Aslida bizning maqsadimiz immigratsiya masalasi bilan bog’liq o’limlarni kamaytirishdan iborat bo’lsa-da”.

Xuanita Molina – “Insoniy chegaralar” tashkiloti rahbari. Chegarani kesib o’tayotganda qanday xatarlarga duch kelish mumkinligi va bu holda qayerga murojaat qilish kerakligidan odamlarni boxabar qiladi. AQSh Chegara xizmati ham tashkilot bilan birgalikda dashtdagi o’limlarni kamaytirishga bel bog’lagan.

“So’nggi uch yil davomida yiliga 200 odam o’lgan edi. Bu yil bu son 100 ga teng. Bu - Markaziy Amerika va Meksikadagi targ’ibot kampaniyalarimizning samarasi,” - deydi Chegara xizmati so'zlovchisi Pit Baydgeyn.

Say-harakat to’xtamayapti. Joel Smit kabi faollar konteynerlarni toza muzdek suv bilan to’ldirib turibdi. E’lonlar osiladi, varaqalar tarqatiladi.

“Ta’mini yoqtirmasam, butun bochkani to’kib tashlab, yangisini quyaman”.

Joel Smit va Xuanita Molina odamlar hayotini saqlab qolish insoniy burch ekanini eslatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG