Breaking News

AQSh Osiyoga: Mojarolarni kuch ishlatmay hal eting


ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi rahbarlari
ASEAN, Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari uyushmasi rahbarlari
AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, Xitoy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlari Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy mojarolarni kuch ishlatmay, tinch yo’l bilan hal etishi kerak.

Janubi-sharqiy Osiyoda eng katta portlar va dengiz marshrutlari joylashgan. Demak, bu yerdagi barqarorlik katta ahamiyatga ega, deydi Kerri.

“Mintaqaning dunyo uchun ahamiyati katta. Shu sababdan Qo’shma Shtatlar dengizda xavfsizlik, kemalarning erkin harakat qilishini ta’minlash, hududiy mojarolarni hal qilish va bu ma’noda muayyan axloq qoidalariga rioya qilish kerak, deb hisoblaydi,” - dedi AQSh bosh diplomati.

“Xitoy va ASEAN o’zaro mojarolarni do’q-po’pisa qilmay, majburlamay, kuch ishlatmay hal etishi va o’zini qanday tutish yuzasidan kelishib olishi lozim”.

Janubiy Xitoy dengizida Xitoy Filippin, Malayziya, Vyetnam, Bruney va Tayvan bilan raqobatlashishga majbur bo’lmoqda. Biroq mojarolarning ASEANga a’zo davlatlarga ta’siri turlicha.

Shu bois umumiy etik qoidalari yaqin orada qabul qilinmasligi mumkin, deydi Osiyo bo’yicha mutaxassis Maykl Oslin.

“ASEAN davlatlari bu biz uchun ustuvor masala, demaydi. Ba’zilar uchun katta ahamiyatga ega bo’lsa, boshqalar uchun muhim emas. Ular Xitoy bilan to’qnashmaslikka harakat qilib, masala yechimini cho’zishi mumkin,” - deydi u.

AQSh Osiyoda harbiy aloqalar va tijoratni rivojlantirmoqda.

Bu barqarorlik kaliti, deydi Birma tashqi ishlar vaziri Vunna Mon Luin:

“Qo’shma Shtatlar hukumatining kuchli, xavfsiz va barqaror Osiyoni qo’llab-quvvatlashidan minnatdormiz. AQSh siyosati mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikka hissa qo’shmoqda”.

Janubiy Xitoy dengizidagi mojarolarni hal etishda Indoneziyaning roli katta, deydi tahlilchi Oslin.

“Hind okeanidan Tinch okeanining g’arbiy sohiligacha Indoneziyadek joylashgan davlat yo’q. U o’z joylashuvi tufayli turli muammolarni hal etishga majbur. Qurollarning ko’payishi, narkotiklar kontrabandasi, Xitoy flotining kuchayishi va boshqa masalalarni oladigan bo’lsak, Indoneziya markazda joylashgan”.

Buni yaxshi tushungan Vashington Jakartaga 500 million dollarga teng sakkizta “Apachi” rusumidagi harbiy vertolyotlarni sotmoqda.

Filippin ham o’z flotini yangilash payida. Bu davlat Xitoy bilan eng jiddiy hududiy mojaroga ega. Demak, Indoneziyaning bu masala xususidagi fikri muhim.

“ASEAN a’zolari orasida yakdillik yo’q. Masalan, Filippinning hududiy mojaro haqdagi fikri Indoneziyanikidan keskin farq qiladi. Indoneziya bu nizoda vositachilik qilishga qodir, chunki uning Xitoy bilan hech qanday oldi-berdisi yo’q,” - deydi tahlilchi Oslin.

Filippin Xitoy bilan mojaroni BMTda muhokama qilaylik, deydi. Ammo Pekin xalqaro aralashuvga qarshi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG