Xitoy AQSh harbiy kemasining Janubiy Xitoy dengiziga kirganidan norozi

  • Amerika Ovozi

AQShga qarashli "Lassen" esminetsi Xitoy egallab olgan Subi marjon qoyalari yaqinidan o'tgan.

AQShga qarashli "Lassen" esminetsi Xitoy egallab olgan Subi marjon qoyalari yaqinidan o'tgan.

Pekin Janubiy Xitoy dengizidagi bahsli Spratli orollari yaqinida AQSh harbiy kemasining paydo bo'lganini Xitoy hududiga eng katta tahdid sifatida baholamoqda.

AQShga qarashli "Lassen" esminetsi Xitoy egallab olgan Subi marjon qoyalariga yaqinlashdi. Bu hududga Tayvan, Vyetnam va Filippin ham da'vo qiladi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQShni Pekinga qarashli hududga noqonuniy kirganlikda ayblamoqda. Xitoy kemani nazoratga olib, uni ogohlantirilgan.

AQSh harbiylari esminets hududdan biror muammosiz o'tganini ta'kidlamoqda.

Vashingtondagi Tashqi aloqalar kengashida Yaponiya bo'yicha mutaxassis Sheyla Smitning aytishicha, AQSh kemasining xitoyliklar jig'iga tegishi Pekinning o'z hududlarini qattiq himoya qilishi haqidagi bayonotlari yangrayotgan bir paytga to'g'ri keldi.

"Bu gaplar Xitoyning bahslarni tinch yo'l bilan hal qilishga tayyor emasligini ko'rsatadi. Orollarda harbiy inshootlarning qurilayotgani Pekin bu hududlarni bosib olmoqchi ekanidan dalolat", - deydi u.

Janubiy Xitoy dengizidagi Subi qoyalariga 200 tacha xitoylik askar joylashtirilgan. Smitga ko'ra, Xitoy bunday pastqam joylarda qurilish loyihalarni olib borish orqali o'z kuch-qudratini namoyish qilmoqchi.

"Janubiy Xitoy dengizi atrofidagi davlatlar Xitoyning dengizda va havoda o'sib borayotgan harbiy qudratiga bas kelishi qiyin", - deydi tahlilchi.

Kuzatuvchilar fikricha, AQSh kemalari bu hududda suzishda davom etadi, chunki AQSh xalqaro suvlarda erkin harakatlanish tarafdori bo'lib kelgan.

Filippin Prezidenti Beninyo Akino ham Xitoy harakatlaridan norozi.

"Bu hududdan o'tadigan qatnovlarga hech kim to'sqinlik qilmasligi kerak", - dedi u.

Yaponiya ham Pekinning mintaqada faollashayotganidan xavotirda.

Hukumat bosh kotibi Yoshixide Suga AQSh kemasi bilan bog'liq so'nggi hodisaga izoh berarkan, tafsilotlarni aniqlashtirish uchun AQSh bilan hamkorlik qilinayotganini aytdi.

Avstraliya hukumati ham xalqaro suv hududlarida barcha erkin harakatlana olishi kerak, degan bayonot bilan chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG