Breaking News

Janubiy Koreya va Amerika urush ehtimoliga hozirlik ko'rmoqda


Qo'shma Shtatlar va Janubiy Koreya Shimoliy Koreyaning ehtimoliy yadro sinovi va hujumi oldidan qo'shma dengiz mashqlari o'tkazdi.

AQShning "USS Spruance" harbiy kemasi va Janubiy Koreyaning avianosets va suvosti kemalari, jangovar vertolyotlari Sharqiy dengizda mashq qilgan.

Admiral Bred Kuperning aytishicha, maqsad Amerika va ittifoqchilarning salohiyatini, Shimoliy Koreyadan keladigan har qanday tahdidni qaytara olishga qodir ekanini namoyish etishdan iborat.

Pxenyan yadro va raketa sinovlarini tobora shiddat bilan amalga oshirar ekan, Seul va Vashington ham jangovar tayyorgarlikni oshirmoqda.

O'tgan hafta Amerika mintaqaga B-1B rusumli ikki jangovar kemani safarbar etgan, Koreya chegaralari yonidan yadro qurolini tashuvchi samolyotni uchirgan edi.

Kim Chen Un hukumati BMTning taqiqlarini pisand qilmay keladi. Kommunistik mamlakat joriy yilda beshinchi bor yadro sinovi o'tkazib, raketalarni uchirgach, xalqaro hamjamiyat qo'shimcha sanksiyalar joriy etdi.

Har bir sinov bilan Pxenyan qudratli yadro qurolini kiritishga yaqinlashmoqda. Bu qurol Janubiy Koreya, Yaponiya va Amerikadagi manzillarni urishga qodir bo'ladi.

Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vaziri Ri Yon Xoning BMTda aytishicha, mamlakat bu qurol yordamida o'zini Amerikaning tahdidlaridan himoya qilmoqchi.

Jorj Vashington Universiteti olimi Viktor Chaning so'zlariga ko'ra, ayni paytda Pxenyan yadro zaxiralariga zo'r berib, oddiy harbiy arsenalini e'tiborsiz qoldirmoqda. Bu bilan o'z xavfsizligini ta'minlayotgani yo'q, aksincha AQShni jangovar javob bilan chiqishga majbur qilayapti, deya yozadi Cha Janubiy Koreyaning "Korea Joonsang Daily" nashrida yozgan maqolasida.

Amerika va ittifoqchilar, o'z navbatida, Shimoliy Koreyaning ballistik raketa va yadro quroli uchadigan manzillarini ehtiyot shart nishonga olish haqida o'ylanmoqda, deya yozadi u. Shimol, xususan, yaqinda samoga sun'iy yo'ldosh uchirish rejasi borligini bildirgan. Bu parvoz tinch maqsadni ko'zlaydimi yoki harbiy maqsadnimi, buni bilish qiyin, deydi olim.

Bu orada, Janubiy Koreya parlamentida mamlakatning yadro dasturini rivojlantirishga da'vatlar yangrayapti. Biroq janub rahbari Pak Gin Xe bosiqlik, Amerika bilan hamkorlik va Pxenyanga xalqaro bosimni oshirish siyosatini ma'qul ko'rmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG