Breaking News

AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashq o'tkazadi


AQSh va Janubiy Koreya askarlari 2015-yilgi harbiy mashqlarda
AQSh va Janubiy Koreya askarlari 2015-yilgi harbiy mashqlarda

Kelasi oyda AQSh va Janubiy Koreya harbiy mashqlar o’tkazadi. Mashqlarda umumiy dushman - Shimoliy Koreya, maqsad esa yaqinda navbatdagi atom bombasini sinagan bu mamlakatning yadroviy zahiralarini qo’lga tushirishdan iborat. Bu bilan Vashington va Seul ommaviy qirg’in qurollari hujumlariga qarshi mudofaa tizimlarini sinab ko’rmoqchi.

Harbiy strateglar so’zlariga ko’ra, hujum eng yaxshi mudofaa bo’lgani sababli o’yinlarda Shimoliy Koreya atom qurollari omborxonalarini yo’q qilish mashq qilinadi.

“Bu kabi mashqlar Koreya yarimorolida odatiy holga aylanadi, chunki Shimoliy Koreyaning hali beri yadroviy dasturini yopishiga ishonmayman”, - deydi Seuldagi Troy universitetidan mintaqa xavfsizligi bo’yicha mutaxassis Daniel Pinkston.

Urush o’yinlari

7-martda boshlanishi kutilayotgan bu yilgi mashqlarda 15 ming amerikalik askar qatnashadi. Janubiy Koreya Mudofaa vazirligiga ko’ra, bu o’tgan yilgidan to’rt baravar ko’p.

Avstraliya, Kanada va 1950-1953-yillardagi Koreya urushida AQSh bilan jang qilgan boshqa mamlakatlar ham mashqlarda qatnashish yoki kuzatuvchilarni yuborish niyatida. Jarayonda to’rt dona F-22 rusumidagi qiruvchi samolyot, atom suvosti kemasi, “Shimoliy Karolina” jangovar kemasi hamda “Jon Stennis” atom kemasi qatnashadi.

Yaponiyaning Okinava orolida joylashtirilgan 4500 amerikalik askar ham jalb etiladi.

Hujumga tayyorgarlik

Shimoliy Koreya bunga qarshi tayyorgarlik ko’rmoqda.

Vashington va Seul rasmiylari Pxenyan tanqidi hamda Pekin xavotirlariga javoban mashqlardan maqsad mudofaa tizimini sinash demoqda.

Xitoy Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturiga qarshilik bildirsa-da, AQShning Janubiy Koreyada joylashtirilgan qo’shinlari mintaqada qaltis vaziyatni vujudga keltirganini ta’kidlaydi. Bu yili mashqlarda himoyadan ko’ra hujumga o’tishga tayyorgarlik ko’rilar ekan, Vashington va Seul Shimoliy Koreya yadro dasturini jiddiy tahdid sifatida ko’rayotgani aniq.

“Shimoliy Koreya kabi atom qurollari bilan maqtanish va turli bayonotlar berib shundoq ham inqirozli bir vaziyatda o’zini yanada qaltis ahvolga solayapti”, - deydi Pinkston.

Bu orada, AQSh va Janubiy Koreya bu hafta Kaliforniyada yadroviy qurollarni tarqatmaslikni ta’minlashni ko’zda tutadigan kompyuter mashqini o’tkazadi.

Tinchlik muzokaralari

Amerika Davlat departamentining dushanba kuni tasdiqlashicha, Vashington va Pxenyan Shimoliy Koreyaning 6-yanvargi yadroviy sinovidan oldin tinchlik muzokaralarini boshlash masalasini muhokama qilgan.

Ma’lumotlarga ko’ra, Vashington 1953-yilgi sulh o’rniga rasmiy tinchlik bitimini imzolashga tayyor ekanini bildirgan. Ilgarigidan farqli o’laroq AQSh bu safar Shimoliy Koreyadan yadroviy dasturni bekor qilishni talab qilmaslikka tayyor ekanini aytib, ammo yadro dasturi mujokama qilinishi kerak, degan. Lekin Pxenyan bunga rozi bo’lmagan va yana bir bombani sinagan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Shimoliy Koreyaga yadro quroli va ballistik raketalar texnologiyasini rivojlantirishni man qilib, 2006-yildan beri sanksiyalar kiritgan.

THAAD

Bu hafta Janubiy Koreya va AQSh THAAD (Terminal High-Altitude Area Defense) raketalardan mudofaa tizimini joriy etish masalasini muhokama qila boshlaydi.

Xitoy va Rossiya THAAD kompleksining pirovardida ularga qarshi ishlatilishidan xavotirlanib, uning Koreyada joylanishiga qarshi chiqmoqda. Seul Pekin bilan aloqalarni buzishdan cho’chigani bois kompleksga qarshi chiqayotgan edi, ammo Pxenyanning navbatdagi atom sinovlaridan keyin bunga rozi bo’ldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG