AQSh janubiy chegarasi bo'ylab qoradori kontrabandasiga qarshi kurash

  • Amerika Ovozi

Arizona shtati

Arizona shtati

Arizonaning Nogales shahrini ba’zilar “tunnel shahar” deb ataydi. Chunki bu yerdan AQShga Markaziy Amerikadan qonunga zid ravishda qoradori olib o’tiladi.

AQSh Chegara xizmati mahalliy rahbariyat bilan birgalikda yangi texnologiyalar yordamida bu kontrabandaga qarshi kurashmoqda. Tunnellar qayerda ekani aniqlanib, ular hali bitmay turib buzib tashlanmoqda.

Arizona chegarasini qonunga xilof ravishda kesib o’tganlar chegara xizmatidan qochadi. Qo’shni shtat Texasda esa aksincha – muhojirlar siyosiy boshpana so’rash uchun chegarachilar qo’liga tushishga urinadi.

Gap shundaki, Arizona shtatida kontrabandachilar migrantlarni qurol va narkotiklarni olib o’tishga majburlaydi. Xususan, yer osti tunnellar orqali.

AQSh Chegara xizmati “Amerika Ovozi”ga Meksikani Nogales bilan bog’laydigan 1,6 kilometrlik tunnel ichini ko’rish imkonini berdi. Bu tunnel aslida AQSh hududida suv toshganidan keyin qurilgan edi.

“Darvoza ham bor. Suv bosimi oshganida darvoza ochiladi va suv o’tib ketadi, ammo odamlar o’ta olmaydi. Shimoliy tarafda ham darvoza bor. Nega desangiz, kontrabandachilar shimoldan keladi va u yerdagi infratuzilmani buzadi, chiroqlarni sindiradi, kamera va monitorlarni ishdan chiqaradi. Shu sababdan ikkala tarafda darvoza o’rnatishga majbur bo’lganmiz,” - deydi Chegara xizmatidan Kevin Xext.

Ilgari qurilgan quvurlar o’rnida qoradori olib o’tadiganlar noqonuniy tunnellar qazib olgan.

Nogales shahri meri Arturo Garino chegara xizmati va politsiya faoliyatini yuqori baholaydi. Ular ko’rgan choralar natijasida tunnellar qurish to’xtatilgan. Ammo bu ishlar qayta boshlanishi mumkin degan xavotir bor.

“Qaniydi bu tunnellarda metro qurilsa. Yo’q, tunnellar tunnelligicha qoladimi, deb qo’rqaman, chunki bunga ehtiyoj bor. AQShda narkotik sotib olaman degan odamlar bor ekan, ularni chegaradan tashib o’tadigan odamlar ham bo’ladi. Tunnellardan noqonuniy migrantlar emas, narkotiklar tashiladi,” - deydi mer.

Tuson sektori chegara xizmati vakili Pit Baydgen deydiki, uzunligi 48 kilometrga teng chegara devori bo’ylab doim chegarachilar shay holatda turadi, chunki kontrabandachilar faol. Ularga qarshi kurashda amerikaliklar meksikalik hamkasblari bilan hamkorlik qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG