AQSh endi Rossiya fazo kemalaridan foydalanadi

  • Amerika Ovozi

AQSh endi Rossiya fazo kemalaridan foydalanadi

AQSh endi Rossiya fazo kemalaridan foydalanadi

AQShning “Atlantis” fazo kemasi koinotga so’nggi parvozdan qaytib, mamlakatning 30 yillik kosmik dasturi nihoyasiga yetdi.

NASA, fazo agentligi bilan hamkorlik qilgan General Dynamics kompaniyasining bir yarim mingdan ziyod xodimi ishsiz qoldi.

Amerikaning barcha raketalari xizmat muddatini o’tab bo’lgach, astronavtlarni fazoga uchirishga vosita qolmay endilikda Qo’shma Shtatlar Rossiya raketalaridan foydalanishga majbur. Ijaraga olingan kemada amalga oshirilgan har bir parvoz 50 million dollar turadi.

Aksariyat amerikaliklar mamlakatning kosmosdagi shuhratli davri yakunlandi deya xavotirda.

AQSh fazo dasturi yakunlangach kosmik parvozlar bilan mashhur Florida shtati uchun mashaqqatli va mavhum davr boshlanmoqda. Minglab odamlar ishsiz qoldi.

"Atlantis" fazo kemasi

"Atlantis" fazo kemasi

Umrining 37 yilini og’ir raketalarni ishlab chiqaruvchi General Dynamics kompaniyasiga bag’ishlagan Merfi Vordman buni yaxshi tushunadi. Ilk astronavtning avval fazoga, so’ng Oyga chiqishiga hissa qo’shgan bu odamning ko’ngli g’ash.

"Kuyovlarimdan birini hozirgina ishdan bo’shatishdi. Boshqa kuyovimning ham javobini yaqinda berishadi. Qizim ishsiz qoladi", - deydi u.

Vordman nafaqaga chiqib, Fazo muzeyida bepul ishlayotgan kosmik muhandislardan biri.

"Oyga chiqib ulgurgandik, imkoniyatlarimiz katta edi. Bugunga kelib esa umuman hech qayerga ucha olmaydigan bo’ldik", - deydi u.

Vordman va boshqalar NASAning Marsga chiqish uchun Oyda bazalar yaratish tashabbusini qo’llab-quvvatlagan.

Ammo prezident Obama rejadan asteroid va Marsga parvozni ko’zlagan 10 yillik dastur foydasiga kechdi. Vordman nazarida bunday loyiha ish bermaydi.

"Eski dastur umidimiz edi, ammo uni bekor qilishdi", - deydi u.

AQSh hukumati xususiy kompaniyalarni fazoni tadqiq etishga yaroqli vositalar ishlab chiqishga chaqirmoqda.

Fazogirlar kelajakdan umidvor

Fazogirlar kelajakdan umidvor

Uilyam Gerstenmayer NASAning parvozlar bo’yicha ma’muri yordamchisi.

"Xudo xohlasa, 2015-yil o’rtalari, 2016-yilga borib Floridadagi kosmodromdan yana raketa uchiramiz degan umiddaman", - deydi mutaxassis.

Koinotga yetti bor ko’tarilgan sobiq astronavt Franklin Chang-Diaz fazo dasturidagi bunday katta tanaffusdan tashvishda.

"Dastur yakunlanmasidan 10-15 yil oldin zarur texnologiya, muqobil reja ishlab chiqishimiz kerak edi", - deydi fazogir.

Chang-Diaz Xyustondagi “Ad Astra Rocket” kompaniyasida ishlaydi. Plazmali raketa yaratish ustida izlanish olib bormoqda. NASAning fazoni zabt etishga qaratilgan uzoq muddatli dasturiga umid bilan qaraydi.

"Fazo sohasida bir sahifa yopilib, undanda yaxshirog’i ochilyapti", - deydi u.

Merfi Vordman bunga shubha bilan qaraydi, ammo umid qilishdan boshqa iloj yo’q, deydi.

"Nabiralarim bor. Ularga fazo haqida ko’p gapiraman. Ammo ular ulg’aygach, dasturga nima bo’ladi, bilmayman, aqlimga sig’maydi",- deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG