Dovuldan qaqshagan shtatlar qahraton bilan olishmoqda

  • Amerika Ovozi

Nyu-York, 4-noyabr

Nyu-York, 4-noyabr

Amerikaning qattiq dovul urgan sharqiy shtatlari tabiatning yana bir og’ir sinovi, sovuq harorat bilan yuzlashmoqda.


Millionlab xonadonlarda elektr ta’minoti hamon tiklanmagan. Uy-joyidan ayrilib, ko’chada tunashga majburlar minglarni tashkil etmoqda. Harorat Selsiy shkalasida 0 daraja va undan ham sovigan kunlar kelgan.

“Sendi” dovuli o’tgan hafta 100 dan ziyod odamni hayotdan olib ketdi. Keltirgan zarari 50 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Meteorologlar esa joriy hafta sharqiy shtatlarni yana bir kuchli to’fon haqida ogohlantirayapti. Bu aholi boshiga qo’shimcha kulfatlar solishi mumkin.

“Sendi”dan zarar ko’rgan hududlarga federal, shtat va mahalliy darajada tezkor yordam ko’rsatilmoqda. Yetti yil avval sharqiy sohillar “Katrina” dovuliga yo’liqqanida ko’p xatolarga yo’l qo’yilgan, rasmiylar bu safar dadilroq va samaraliroq harakat qildi, deydi kuzatuvchilar.

AQSh tarixidagi eng dahshatli dovul, “Katrina”, 2005-yilda 1800 dan ko’p odamni hayotdan olib ketgan, 1 milliondan ziyod kishi uyidan qochishga majbur bo’lib, yana 3 millioni elektr ta’minotisiz qolgan. Yangi Orlean shahrini suv bosgan, qayta qurish ishlari tugaganicha yo’q.

Yangi Orleandagi Tuleyn Universitetida tabiiy ofatlarni boshqarish bo’yicha magistrlik dasturi bor. Uning rahbarlaridan biri Mark Roy deydiki, “Sendi” dovuli oqibatlari 2005-yilgi ofatdan ham jiddiyroq, chunki aholi soni ko’proq va zichroq manzilni titratdi:

“Taxminan 60 million odam dovuldan aziyat chekdi. “Sendi” butun mamlakatni larzaga soldi”, - deydi mutaxassis.

Nyu-York va boshqa joylarda avtomobil va temir yo’llar yopildi, metro tizimining kattagina qismi ishdan chiqdi. Kichik do’konlar va boshqa biznes turlari ham hali-beri ishini boshlaydigan emas. Agar millionlab odamlar yana bir necha kun chiroqsiz qolsa, kayfiyat yomonlashadi, umidsizlik hissi paydo bo’ladi, deya ogohlantiradi mutaxassis.

“Elektr tokining uzilishi o’z-o’zidan katta muammo. Lekin agar bir necha kun davomida chiroq bo’lmasa, buning nafaqat iqtisodiy, balki psixologik oqibatlari jiddiy bo’ladi, odamlarning kundalik hayotiga ta’sir qiladi”, - deydi Mark Roy.

Biroq hukumat tashkilotlari ofat oqibatlarini kamaytirish yo’lida kuchini ayamay ishlayapti, deydi u. “Katrina” dovuli davomida qo’yilgan xatolar inobatga olindi. O’sha paytga qaraganda hozirda turli agentliklar orasidagi muloqot ancha samarali.

Qizil Xoch kabi ayrim nodavlat tashkilotlar va “Walmart” xususiy kompaniyasi bundan yetti yil avval odamlarga insonparvarlik yordami yetkazish borasida hukumatdan tezroq ishlagan. O’tgan hafta boshida “Walmart” mamlakatning “Sendi” ta’sirida qolgan 10 shtatida 290 do’konini yopdi. Seshanba kechqurun aksariyati qayta ochildi va odamlarga xizmat ko’rsata boshladi.

“Biz favqulodda taqsimot markazlariga egamiz. Ular strategik jihatdan muhim yerlarda joylashgan bo’lib, zarur oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarga to’la. Biz bu mahsulotni ofat urgan hududlarga tezda yetkaza olamiz”, – deydi kompaniya so’zlovchisi Keyla Veyling.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG