Snouden Rossiyaga kirishga ruxsat oldi

  • Amerika Ovozi

Rossiya axborot agentliklarining bildirishicha, Edvard Snouden Moskvadagi aeroportdan chiqib, mamlakatga kirishga ruxsat olgan.

Rus mulozimlari hozir unga vaqtincha siyosiy boshpana berish masalasini ko’rib chiqayapti.

Biroq advokatining tavsiyasi bilan, Snouden aeroportda qolishni ma'qul topgan. Uning himoyachisi Anatoliy Kucherena so'zlariga ko'ra, hujjatlar hali to'kis emas.

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi, hukumatning g'oyat maxfiy kuzatuv dasturi haqida matbuotni xabardor qilgan Snouden salkam bir oydan beri Sheremetyevo aeroportida qolayapti.

Qo’shma Shtatlar uni josuslikda ayblamoqda. Snoudenning pasporti ham bekor qilingani sababli u Moskvadan chiqib keta olmayapti.

Prezident Barak Obama Rossiya rahbariyatidan Snoudenni AQSh adliyasiga topshirishni so’rab keladi. Prezident Vladimir Putin bu iltimosni qondirmoqchi emas. Amerika mamlakat razvedkasi haqida maxfiy ma'lumotlarni e'lon qilishni bas qilsagina, Rossiyada qolishi mumkin, deydi Putin.

Lotin Amerikasidagi uch mamlakat – Venesuela, Boliviya va Nikaragua 30 yoshli Snoudenni panohiga olishga rozi.

Qo’shma Shtatlar maxfiy xizmati millionlab fuqarolar kimga telefon qilgani va internetda qaysi saytlarga kirganini yashirincha kuzatib borgan.

Loyiha 2001-yilning 11-sentabridagi kabi terror xurujlarining oldini olish uchun zarur edi, deya tushuntiradi Obama ma’muriyati.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG