Hisobot: Telefon qo'ng'iroqlarini kuzatish xavflarning oldini olishga jiddiy hissa qo'shmagan

  • Amerika Ovozi

Milliy Xavfsizlik agentligi binosi

Milliy Xavfsizlik agentligi binosi

AQSh Milliy xavfsizlik agentligi tomonidan fuqarolar telefon qo’ng’iroqlariga oid ma’lumotlarning kuzatilgani terrorizmning oldini olish harakatlariga arzirli ta’sir ko’rsatmagan. Yaqinda o’tkazilgan ilmiy tadqiqot natijalari shunday xulosa beradi.

Yangi Amerika Jamg’armasi 2001-yildan beri terrorizmga aloqadorlikda ayblangan 225 kishining ishini tekshirgan. Ularning faqat bittasida Milliy xavfsizlik agentligining telefonlarni tekshirish dasturi yordam bergani aniqlangan.

“Al-Qoida”ga aloqador Somalidagi terror guruhiga $8,500 pul jo’natganlikda ayblangan san-diyegolik taksi haydovchisi telefon orqali qilgan qo’ng’iroqlari natijasida qo’lga olingan.

Tadqiqot o’tkazgan jamg’arma xulosasiga ko’ra, terrorizmga aloqador ishlarining 60 foizdan ziyodida jinoyatni fosh etishda faqat an’anaviy tekshiruv usullari qo’l kelgan.

Tadqiqot natijalari Oq uy tomonidan o’tkazilgan rasmiy tekshiruv xulosalarini tasdiqlaydi. Rasmiy tekshiruv natijasida millionlab amerikaliklarning telefon qo’ng’iroqlariga oid ma’lumotlarni to’plash xavflarning oldini olishda muhim rol o’ynamagani aniqlangan edi.

Obama ma’muriyati Milliy Xavfsizlik agentligining tekshiruv dasturlarini qisqartirishi kutilmoqda. Telefon qo’ng’iroqlariga oid ma’lumotlarni to’plash, shuningdek, xorijlik davlat rahbarlarining telefon qo’ng’iroqlarini kuzatish bekor qilinishi ehtimoli bor.

Milliy Xavfsizlik agentligi uzoq yillardan beri millionlab telefon qo’ng’iroqlarini, ulardagi so’zlashuv uzunligi va telefon raqamlariga oid ma’lumotlarni yig’ib keladi. Agentlikka ko’ra, hech bir fuqaroning so’zlashuvi tinglangan emas.

O’tgan yili agentlik direktori Keyt Aleksandr telefonlarni tekshirish dasturini himoya qilib, uning yordamida 20 dan ortiq davlatda 50 dan ortiq terror xurujining oldi olinganini ta’kidlagan edi.

Agentlikning sobiq xodimi Edvard Snouden o’tgan yili dastur haqidagi maxfiy ma’lumotlarni ommaga oshkor etgan edi. Agentlikka ko’ra, Snouden 1,7 million hujjatni o’g’irlab ketgan. Rossiyadan siyosiy boshpana olgan Snoudenga AQShda josuslik aybi qo’yilgan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG