AQSh havo hujumlaridan Iroqdagi jangarilar Suriyaga chekinishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Suriya va shimoliy Iroqda minglab aholini qochqinga aylantirgan “Islomiy davlat” jangari guruhiga qarshi ham AQSh, ham Suriya kurash olib bormoqda. Ammo AQSh amalga oshirayotgan havo hujumlari jangarilarni Iroqdan Suriyaga surib chiqarib, ular kurashining yana Assad rejimiga qarshi qaratilishiga sabab bo’lishi mumkin.

So’nggi haftalarda “Islomiy davlat” jangarilari Iroqning bir qator shaharlarini o’z nazorati ostiga oldi. Ayni paytda Damashqdagi Assad rejimi Suriya ichidan turib bu guruhga qarshi kurashni davom ettirmoqda. Bundan esa, asosan, tinch aholi aziyat chekmoqda, deydi “Human Rights Watch” tashkiloti vakili Sara Margon.

“Biz bunday dahshatli vaziyatga nafaqat Suriyada, balki Iroqda ham guvoh bo’lyapmiz. Chegara qayerda ekanini aniqlash ham qiyin”, - deydi u.

Ammo peshmerga kurd janchilari hujumiga hamda AQSh havo zarbalariga dosh berolmasdan, jangari guruh yana asosiy e’tiborini Suriyaga qarshi qaratishi mumkin, deydi AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Stiv Heydemen.

“Agar AQShning Iroqdagi faoliyati guruhning bu yerda muvaffaqiyat qozonishiga to’sqinlik qiladigan bo’lsa, ular bu yerdagi qiyin frontdan voz kechib, e’tiborlarini amerikaliklar mavjud bo’lmagan Suriyaga qaratishi mumkin”, - deydi u.

Heydemenga ko’ra, “Islomiy davlat” jangarilari Iroqda qo’lga kiritgan tajriba va qurol-aslaha bilan Suriya hukumatiga qarshi yanada jiddiyroq qarshilik ko’rsatishi mumkin.

“Ular taktik o’zgarish qila olish imkoniyatiga ega hozir. Kuchli bazaga ega jangarilar endi rejimga qarshi kurashga ko’proq diqqat qaratishi mumkin”, - deydi tahlilchi.

AQSh Suriya hukumatining dushmani bo’lgan guruhga qarshi kurash olib borayotgan bo’lsa ham, bu holat Vashington va Damashq bir-biriga yaqinlashayotganini angatmaydi, deydi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Mari Xarf.

“Biz ular bilan bir xil narsani nishonga olayotgan bo’lishimiz mumkin. Ammo “Islomiy davlat” guruhining gullab-yashnashiga Assad rejimi imkoniyat yaratib berdi. Ularning bunchalik kuchayib ketishi sabablaridan biri shu”, - deydi Xarf.

“Islomiy jangarilar” guruhini kuchaytirish orqali prezident Assad o’rtamiyona yo’ldagi raqiblarini yo’q qilishni ko’zlagan edi, ammo bu kutilmagan natijalarga olib keldi, deydi Heydemen.

“Islomiy davlat”ning o’sishiga imkon bergan sharoitlarni yaratib berish orqali, masalan, jangarilarni qamoqxonalardan ozod qilish bilan Assad rejimi o’zi kutmagan yangi muammolarni yaratdi”, - deydi tahlilchi.

Ammo shunisi haqiqatki, islomiy jangarilarga qarshi boshlangan xalqaro kurash ayni paytda Suriya hukumati foydasiga ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG