AQSh "Islomiy davlat"ga qarshi kurashni kech boshladimi?

  • Amerika Ovozi

AQSh Prezidenti Barak Obamaning ta'kidlashicha, "Islomiy davlat" jangarilariga qarshi Suriyada olib borilayotgan havo hujumlari ko'p vaqt olishi mumkin. Uning ta'biriga ko'ra, bu guruh "uzoq muddatdan beri o'sib kelayotgan saraton" xastaligiga o'xshaydi. Agar AQSh Suriyadagi mo'tadil muxolif guruhlarni ertaroq qurollantirganda bugungi vaziyatning oldini olish mumkinmidi?

Suriya muxolifati Assad rejimiga va o'ta ekstremist "Islomiy davlat" guruhiga qarshi kurashda xalqaro hamjamiyatdan anchadan beri yordam so'rab keladi.

Iordaniya qiroli Abdullaning aytishicha, agar dunyo davlatlari Suriyadagi ekstremist kuchlarni o'z vaqtida aniqlaganda "Islomiy davlat" bu qadar kuchayib ketmagan bo'lardi. Qirol BMT minbarida ham shu masalani tilga oldi.

"Suriya, Iroq va boshqa davlatlarni nishonga olayotgan terrorchilar va jinoyatchilar global tahdid manbalariga aylangan. Ularning yo'lini to'sish va yakson qilish uchun xalqaro hamjamiyat umumiy strategiya ishlab chiqishi lozim", - dedi u.

Agar ertaroq harakat qilinganda, muammo bu qadar kengayishining oldini olish mumkinmidi? Vashington izohiga ko'ra, qurollarning istalmagan guruhlar qo'liga tushishi xavfi borligi bois AQSh tezkor chora ko'rishdan o'zini tiygan.

AQSh Tinchlik instituti tahlilchisi Stiv Xeydeman Obamani vaziyatga to'g'ri baho bera olmaganlikda ayblaydi.

"Obama qurolli muxolifatni dehqonlar, savdogarlar va dorishunoslardan iborat deb o'ylab jiddiy xatoga yo'l qo'ydi. Suriyada jang qilayotganlarning aksariyati harbiy tajribaga ega", - deydi u.

Xeydemanga ko'ra, AQSh mo'tadil muxolifatga ertaroq yordam berishi kerak edi.

""Islomiy davlat"ning o'sishiga yo'l qo'ymasdan ayni paytda Assad rejiminining yo'lini ham to'sish mumkin edi. Qurolli muxolifatning mo'tadil guruhlarini ertaroq qurollantirish yo'lidan borganimizda hozir Suriyada siyosiy kelishuvga imkon beradigan muhit yaratilgan bo'lardi", - deydi AQShlik tahlilchi.

Yangi Amerika xavfsizligi markazi tahlilchisi Nora Bensahel natijani oldindan bilib bo'lmasligini aytadi.

"Ha, biz "Islomiy davlat"ning paydo bo'lishiga to'siq qo'yishimiz mumkin edi. Ammo bu qanday yangi muammolarga yetaklashini bilmaymiz", - deydi u.

Bensahelga ko'ra, AQSh uzoq muddatli harbiy mojaroga aralashib qolishi mumkin.

"Suriyadagi fuqarolar urushi ishtirokchisi bo'lgan tomonlardan birining yonini olish mintaqa uchun katta strategik muammolarni yuzaga chiqarishi mumkin. Hozir ana shu ehtimollarni o'rganyapmiz", - deydi tahlilchi.

Suriya va Iroqdagi jangarilarga qarshi tuzilgan koalitsiyada ishtirok etayotgan sunniy arab davlatlari Bag'doddagi yangi shia hukumatini ham qo'llab-quvvatlamoqda. AQSh piyoda qo'shinlarining mintaqaga kiritilishi yoki kiritilmasligi Iroq armiyasining jangarilar hujumini qaytarishga qanchalik tayyor ekani bilan bog'liq. Obama ma'muriyati Iroq harbiylarini qurollantirish va tayyorgarlikdan o'tkazish bo'yicha Kongressdan ijozat olgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG