G’arb Suriya yuzasidan murakkab qarorlar bilan yuzlashmoqda

  • Amerika Ovozi

Suriyada o’tgan yilning martida boshlangan qo’zg’olon hozirgacha 20 mingdan ziyod odamning yostig’ini quritdi. Aholini himoya qilish uchun bu mamlakat uzra harbiy samolyotlar parvozini taqiqlash kerak, AQSh va boshqa davlatlar jonbozlik ko’rsatsin, degan chaqiriqlar yangramoqda.



Suriyadagi fuqaro urushida o’lganlar 23 mingga yetar ekan, ayrimlar AQShni vahshiyliklarga ko’z yumayotganlikda ayblaydi. Suriya armiyasi shaharlarni tunu-kun bombardimon qilayapti.

O’tgan yili AQSh va NATO havo kuchlari BMT va arab davlatlarining fotihasi bilan Liviyada isyonchilarni qo’llab-quvvatlagan edi.

Obama ma’muriyatining bildirishicha, Suriyada vaziyat boshqa. Oq uy so’zlovchisi Jey Karni tushuntiradi:

“Liviyada hujumlar ko’lami keng edi. Muxolifat bir ovozdan xalqaro hamjamiyatga murojaat qilgan. Davlatlar hamfikr edi – ham BMT Xavfsizlik Kengashi darajasida, ham Arab Ligasi doirasida. Suriyada bu narsa kuzatilmayapti”.

Vashington Turkiya, Iordaniya, Isroil, Livan va mintaqadagi boshqa hukumatlar bilan yaqin aloqada. Lekin Rossiya va Xitoy bilan Suriya borasida tortishib keladi.

AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta Suriyadagi oppozitsion guruhlarga yordam uzatilayotganini tan oladi. Ammo parvozlarni taqiqlash to’g’risida bir qarorga kelinmagan.

“Maqsadimiz qo’ldan kelgancha yordam berish, bu kurashda ularning ustunligini ta’minlash. Parvozlarni man etish masalasi biz uchun hozir prioritet emas”, - deydi Panetta.

Robert Zarate Vashingtondagi Tashqi siyosat bo’yicha tashabbuslar markazida ishlaydi. Prezident Obamani dadilroq bo’lishga chaqirayotganlardan biri.

“Suriyadagi qirg’inlarni kuzatib turibmiz, vaholanki, Liviyada aynan shunday holatlarning oldini olganmiz. Xunrezlikka chek qo’yish uchun AQSh konkret choralar ko’rishga tayyor bo’lishi kerak”, - deydi u.

Suriyada vaziyat tamoman izdan chiqsa minglab qochqinlarni qayerga joylashtirish dolzarb masala. Shuningdek, hukumat kimyoviy qurollarni ishga soladi degan qo’rquv bor.

Tahlilchi Kris Chivis fikricha, xalqaro hamjamiyat harbiy chora ko’rishga qaror qilsa, quyidagi shartlar bajarilishi kerak.

“Kimyoviy qurollar nazoratga olinishi hamda Al-Qoida ta’sirini kamaytirishga harakat qilmoq lozim. Uchinchi vazifa - Assad rejimi qulaganidan so’ng mazhablar-aro etnik qirg’inlarni bartaraf etish”, - deydi Chivis.

AQSh va unga ittifoqchi davlatlar Suriya oppozitsiyasiga yordamni oshirmoqda. Ammo, deydi Chivis, mamlakatni qayta qurish hamda barqarorlikni ta’minlash vazifasini tinchlikparvar qo’shinga topshirish haqida ham hozirdan o’ylanish kerak.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG