Breaking News

AQShda suriyalik qochqinlar masalasi qizg'in muhokamada


Arizona shtatida suriyalik qochqinlar tarafdorlari "Xush kelibsiz!" shiori bilan turibdi. 17-noyabr 2015-yil
Arizona shtatida suriyalik qochqinlar tarafdorlari "Xush kelibsiz!" shiori bilan turibdi. 17-noyabr 2015-yil

AQShda suriyalik qochqinlarni qabul qilish tarafdorlari omma orasida targ’ibot ishlarini kuchaytirmoqda. Amerikaliklarning kamida 53 foizi notinch yurtdan muhojir kelishiga qarshi.

Prezident Barak Obama rejasiga ko’ra, 2016-yilda 10 ming suriyalik qochqin uchun eshik ochiladi. Davlat departamenti ma’lumotlariga ko’ra, 2010-yil oktabridan beri 2234 suriyalik AQShda boshpana topgan.

Bu rejaga qarshi amerikaliklar fikricha, “Islomiy davlat” guruhiga a’zo ekstremistlar haqiqiy qochqinlar bilan birga AQSh hududiga o’tishi mumkin. 13-noyabr kungi Parijdagi xurujlarni amalga oshirgan terrorchilarning ikki nafari aynan shunday yo’l bilan Yevropaga borgan.

Tekshiruv

Obama ma’muriyatiga ko’ra, AQShda boshpana so’raganlarning barchasi bir necha federal idora, shu jumladan razvedka, xavfsizlik va huquq-tartibot-organlarining qattiq tekshiruvidan o’tadi. Buning ustiga suriyaliklar alohida tekshiriladi.

Immigratsiya tadqiqotlari markazi, nodavlat tashkilot, qayd etishicha, bu jarayonda kamchiliklar bor. Markaz xodimi Den Kedmanning aytishicha, jihodchilar Suriyadagi tartibsizliklardan foydalanib qonuniy hujjatlarni qo’lga kiritishi, so’ngra ularni soxtalashtirib, AQSh vakillariga qalbaki nusxalarni taqdim etishi mumkin.

“AQSh rasmiylari esa hujjatlarni tekshirish uchun Suriyadagi biror idoraga murojaat qila olmaydi”, - deydi Kedman.

Suriya-Amerika kengashi rahbari Syuzan Meriden tekshirish jarayoni nihoyatda jiddiy ekanini aytadi.

“Terrorchilar mamlakatga kirmoqchi bo’lsa, bu yo’lni tanlamaydi. Chunki bu holda ularning qo’lga tushishi tayin,” – deydi u.

Targ’ibot kampaniyasi

Suriyaliklar haqida omma fikrini o’zgartirish maqsadida Suriya-Amerika kengashi Arizona va Merilend shtatlarida matbuot anjumanlari o’tkazdi.

Merilend gubernatori, respublikachi Larri Hogan Obamadan suriyalik qochqinlarni qabul qilmaslikni so’ragan 30 shtat rahbaridan biri.

Qochqinlarning dini

AQSh prezidentligiga nomzodlar Ted Kruz va Jeb Bush faqat suriyalik nasroniylarni qabul qilib, musulmonlarni mamlakatga kiritmaslik kerak, deb kelmoqda.

AQSh federal qonunlariga ko’ra, rasmiy idoralar boshpana arizasi yuzasidan yakuniy qaror qabul qilishdan oldin shaxs dinini aniqlaydi.

Jamiyat uchun foydami yoki zarar?

Immigratsiya bo’yicha ekspert Juli Akselrod fikricha, AQSh hukumati qochqinlarni qabul qilishdan ko’ra Yaqin Sharqqa moliyaviy yordam ajratishi kerak.

Immigratsiya tadqiqotlari markaziga ko'ra, AQShda har bir yaqin sharqlik qochqin uchun birinchi besh yil davomida uni joylashtirish, uy-joyi, transport, ijtimoiy yordam va boshqa xarajatlarni qoplash uchun qariyb 65 ming dollar sarflanadi. Bu esa qo’shni mamlakatlardagi ko’rsatkichdan 12 baravar ko’p.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG