Suriya kelajagi bo'yicha Vena anjumanidan umidlar kam

  • Amerika Ovozi

Rossiya, AQSh, Saudiya Arabistoni va Turkiya rasmiylari Vena anjumani oldidan, 29-oktabr, 2015-yil, Vena, Avstriya.

Rossiya, AQSh, Saudiya Arabistoni va Turkiya rasmiylari Vena anjumani oldidan, 29-oktabr, 2015-yil, Vena, Avstriya.

Xalqaro hamjamiyat vakillari Suriyaning siyosiy kelajagini hal qilish uchun Venaga yig’ilar ekan, jarayonda Rossiya va Eronning ishtiroki qanday bo’lishi yuzasidan savollar va xavotirlar ko’p. Shu bois tomonlarning Vena anjumanidan yakdil xulosa bilan qaytishi mushkul.

Venaga kelish oldidan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri suriyaliklarga ko’proq imkoniyat berish kerak, degan fikrni olg’a surdi.

“Suriyaliklar Assad yoki IShIDdan birini tanlashi kerak degan be’mani fikrni yo’q qilishimiz kerak. Yoki Assad bo’ladi yoki terrorchilar, deyish xato. Bu tanlov emas”, - deydi u.

Eron va Rossiya Assadni ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo’llab-quvvatlab kelmoqda va ular Suriya kelajagini belgilash bo’yicha o’tkazilayotgan anjumanda ham qatnashish istagini bildirgan.

“Bu uchrashuvdan asosiy maqsad Suriyada suriyaliklarni qamrab oluvchi siyosiy jarayonni imkon qadar tezroq boshlash”, - deydi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mariya Kaxxarova.

Ammo Rossiya Suriyada ko’proq iqtisodiy manfaatlarni ko’zlayotgan bo’lishi mumkin.

“Moskva qon qaqshayapti. Suriyaga qonini va pulini tikkan. Ular, Obama aytganidek, katta muammoga o’ralashib qolganini tushunyapti va shuni tezroq tugatish niyatida”, - deydi Jons Xopkins universiteti tadqiqotchisi Daniel Server.

Eronning maqsadi esa mintaqada ta’sirini kuchaytirish.

“Eron muzokaraga aralashsa, shubham ortadi. Ular aldamchi fikrlarni olg’a suradi. Ular aytgan narsaga biz erisha olmasligimiz aniq”, - deydi Brukings institutidan Maykl Oxanlon.

Eron va Rossiya Suriya kelajagini belgilashda asosiy so’zni aytishga urinishi turgan gap.

“Eron va Rossiya bu masalada o’zlarini asosiy figura sifatida ko’rmoqda. Chunki ular boshqalarga qaraganda va avvalgidan ko’ra hududga ko’proq kirib borgan”, - deydi Karnegi jamg’armasi tahlilchisi Mishel Dan.

Venada mavzu bo’yicha so’nggi xulosa berilishiga hech kim ishonmaydi. Tomonlar qarashlaridagi tafovutlar juda katta. Ammo ko’pchilik Suriyaning siyosiy kelajagi bo’yicha muloqot davom etishidan umidvor.

Navbati kelganda bu muloqotga Suriyaning amaldagi hukumati va mo’tadil muxolifatni ham jalb etish kerak bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG