Notinch Suriyani to'rt million fuqaro tark etdi

  • Amerika Ovozi

Suriyalik qochqinlar Turkiya bilan chegaradan o'tmoqda.

Suriyalik qochqinlar Turkiya bilan chegaradan o'tmoqda.

BMT ma’lumotiga ko’ra, 4 million suriyalik urush oqibatida vatanini tark etib qochoqqa aylangan.

O’tgan 10 oy ichida ular soni yana bir millionga oshgan, ikki yilda esa jami 2,4 million kishi Suriyani tashlab qochgan. Mamlakatda fuqarolar urushining hali-beri tugashi kutilmayapti.

Qochoqlar, asosan, qo’shni davlatlarda panoh topmoqda. Turkiyada 1,8 million, Livanda 1,1 million, Iordaniyada 630 ming, Iroqda 250 ming va Misrda 130 ming suriyalik yashamoqda. Suriyaning o’zida 7,6 million odam sargardon.

​BMTnig qochqinlar bilan ishlovchi idorasi xalqaro hamjamiyatdan bu qochoqlarga yordamni oshirishni so’raydi. Ularni boshpana, oziq-ovqat va tibbiy yordam bilan ta’minlash uchun kamida 5,5 milliard dollar kerak.

Bu orada, Suriyadagi muxolif kuchlarni tayyorgarlikdan o’tkazish bo’yicha AQSh hanuz bir to’xtamga kelmagan ko’rinadi. Bu borada Oq uy va Pentagon bergan ma’lumot bir-biridan farq qilmoqda.

Prezident Obama suriyaliklarni ko’proq tayyorgarlikdan o’tkazish rejalangani haqida gapirgan bo’lsa, mudofaa rasmiylari bu borada hech qanday o’zgarish yo’q ekanini ta’kidlamoqda.

Obama shu hafta boshida Pentagonda milliy xavfsizlik bo’yicha maslahatchilari va harbiylar bilan muloqot o’tkazdi.

“Jamoamga shuni yana bir bor ta’kidladimki, biz Suriyadagi mo’tadil muxolifatni ko'proq mashqdan o’tkazib, ko'proq qurollantiramiz”, - dedi u jurnalistlarga.

​Ammo oradan ikki kun o’tib Pentagon so’zlovchisi, kapitan Jef Deyvis bunday suriyaliklar sonini oshirish yoki mashg’ulotlarni kuchaytirish bo’yicha hech qanday yangi choralar ko’rilmayotganini aytdi.

“Hozir biz “IShID”ga qarshi mo’tadil muxolifatni tayyorgarlikdan o’tkazish va bu yordamni davom ettirish ahdida qat’iymiz. Hozircha bor-yo’g’i shu”, - dedi u.

AQSh ayni paytda bu dasturda qatnashish xohishini bildirgan 7000 suriyalikning faqat 60 tasini o'qitmoqda.

Mudofaa rasmiylarining aytishicha, yana 1700 odam tekshiruvdan muvaffaqiyatli o’tgan, qolgan 5000 odamning shaxsini aniqlash jarayoni hali boshlangani yo’q va bu uzoq vaqt oladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG