AQSh askarlari Suriyada mahalliy kuchlarga yordam beradi

  • Amerika Ovozi

AQSh havo kuchlari

AQSh havo kuchlari

“Islomiy davlat”ga qarshi kurashda mahalliy hamkor kuchlarga yordam berish uchun AQSh Suriyaga bir guruh askar jo’natadigan bo’ldi.

Oq uyning ma’lum qilishicha, AQShning maxsus amaliyot kuchlariga qarashli 50 ga yaqin askari shimoliy Suriyada xalqaro koalitsiya doirasida mahalliy kuchlar harakatini muvofiqlashtirib boradi. AQSh piyoda qo’shinlari ilk bor Suriyaga harbiy amaliyotlarni olib borish uchun kiritilmoqda.

AQSh kuchlari Suriyada IShIDga qarshi kurashayotganlarni tayyorgarlikdan o’tkazishda yordam beradi, dedi Oq uy so’zlovchisi Josh Ernest.

“Bu prezident bir yil avval e’lon qilgan strategiyaning kuchaytirilgan shakli”, - dedi u.

Ernestga ko’ra, AQShning Iroq va Suriyadagi asosiy maqsadi mahalliy piyoda qo’shinlar imkoniyatlarini kuchaytirish bo’lib qoladi.

Shuningdek, Iroqda IShIDga qarshi kurashni kuchaytirish maqsadida maxsus amaliyotlar qo’shinini tuzishga ham kelishib olingan.

Turkiyaga qo’shimcha samolyotlar

Bundan tashqari, AQSh NATOning Turkiyadagi Injirlik havo bazasiga qo’shimcha A-10 va F-15 harbiy samolyotlarini jo’natadi.

“Injirlikdagi imkoniyatlarimizni kuchaytirish yo’llarini ko’ryapmiz”, - dedi AQSh-Yevropa qo’mondonligi rahbari general Filip Bridlav.

Bridlavga ko’ra, Injirlikka qo’shimcha kuch tashlanishi IShIDga qarshi missiyani kuchaytiradi. Shuningdek, bu Turkiyaning o’z havo sarhadlarini qo’riqlashiga ham yordam beradi.

Jangari guruh odamlarning kallasini olish, tiriklayin yoqish kabi vahshiy kurash usullarini qo'llashi bilan nom qozongan. Hatto ular farqli qarashga ega boshqa musulmonlarni ham nishonga oladi. Ular Yaqin Sharqda xalifalik o’rnatishni maqsad qilganini aytadi.

Oq uy IShIDga qarshi kurashda “yaxshi natijalar” qayd etilayotganini ta’kidlaydi.

“Islomiy davlat”ga qarshi murosasiz kurash ketayotgan bir paytda rasmiylar Suriya siyosiy kelajagini hal qilish uchun muzokaraga ham kirishgan. Venada kechayotgan anjumanda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri Assad rejimining himoyachilari sifatida ko’riladigan Rossiya va Eron diplomatlari bilan muloqot olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG