Nyu-Yorkda Suriya tinchlik muloqotining navbatdagi bosqichi boshlanadi

  • Amerika Ovozi

Suriyaning kurdlar nazorati ostidagi Tel Tamer shahri, 11-dekabr, 2015-yil.

Suriyaning kurdlar nazorati ostidagi Tel Tamer shahri, 11-dekabr, 2015-yil.

Xalqaro Suriya yordam guruhi juma kuni BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida tinchlik muzokaralarini boshlaydi. AQSh Davlat kotibi Jon Kerri va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o'rtasida Moskvada kechgan uchrashuvda shunga kelishilgan.

Muloqotning uchinchi bosqichi sifatida ko'rilayotgan Nyu-York anjumani nihoyasida Suriyadagi besh yillik urushni tugatishga qaratilgan BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi qabul qilinishi mumkin.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assad taqdiri yuzasidan AQSh va Rossiya kelisha olmayapti. AQSh Davlat kotibi Jon Kerrining aytishicha, hozir e'tibor bunda emas.

Rossiya va AQSh kelisha olmayotgan yana bir masala o'tish jarayoniga Suriyadagi qaysi muxolif guruhlarni jalb etish haqida.

Har ikki mamlakat yangi yilda muxolifat va Damashq o'rtasida muloqot boshlanishidan umidvor.

Bu orada AQSh Mudofaa vaziri bugun Iroqqa bordi. E'lon qilinmagan tashrifdan maqsad "Islomiy davlat" to'dasiga qarshi kurashni jadallashtirish ekani aytilmoqda.

Shu mavzuda Karter Iroq yetakchilari hamda bu yerdagi AQSh harbiylari bilan uchrashgan.

Karterning aytishicha, u Iroq bosh vaziri va mudofaa vaziri bilan uchrashib, Ramadini "Islomiy davlat"dan tezroq tortib olish va Mosulni ham egallash masalasida gaplashgan.

Bu borada AQSh ko'proq yordam berishga tayyor, dedi Karter.

AQSh Iroq kuchlariga o'tgan yilning avgustidan beri havo kampaniyasi orqali yordam berib keladi. Ammo shu paytgacha piyoda qo'shinlarni ham kiritishi mumkinligini ehtimoldan soqit qilib kelgan. IShID kuchlari shimoliy va g'arbiy Iroqda hanuz katta hududlarni, jumladan, bir necha yirik shaharlarni o'z nazoratida saqlab kelmoqda.

Karter Iroqqa kelishi oldidan Turkiyada ham to'xtab o'tdi. Bu yerda u Turkiyani quruqlik va havo orqali koalitsiyaga ko'proq yordam berishga, shuningdek, chegaralarni yanada mustahkamlashga chaqirdi.

AQSh Mudofaa vaziri Saudiya Arabistoni boshchiligida yangi islomiy harbiy ittifoq tashkil etilganini ham olqishladi.

"Bu biz anchadan beri aytib kelayotgan narsa bilan hamohang. IShIDga qarshi kampaniyaga sunniy arab davlatlari ko'proq hissa qo'shsin, deb aytgan edik", - deydi Karter.

Saudiya Tashqi ishlar vaziri Abdul al-Jubayr terrorga qarshi kurash doirasida piyoda qo'shinlar ham jo'natilishi mumkinligini tilga oldi, ammo bunday qaror har bir holat uchun alohida qabul qilinishini bildirdi.

Musulmonlar harbiy ittifoqiga Iroq, Suriya va Eron qo'shilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG