AQShda suriyalik qochqinlar 10 mingga yaqinlashmoqda

  • Amerika Ovozi

So’nggi uch oyda AQShda boshpana olayotgan suriyalik qochqinlar ancha ko’paydi. Prezident Barak Obama sentabr oxirigacha 10 ming suriyalikka boshpana berishni maqsad qilgan.

Davlat departamenti ma'lumotiga ko'ra, ko’ra, 2015-yil 1-oktabridan joriy yilning 4-avgustiga qadar Amerikaga 8004 nafarsuriyalik qochqin ko’chib keldi. Yarmidan ko’pi 14 dan yoshroq.

O’tgan yilgi raqamlar ancha past edi.

Fevral oyida Davlat departamenti Iordaniyada qochqinlar ishini tezlashtirilgan tartibda ko'rib chiqadigan markaz ochdi. Odatda hujjatlarni rasmiylashtirish, suhbatlar o’tkazish, tibbiy va xavfsizlik ko’riklaridan o’tish ikki yilgacha vaqt olishi mumkin.

Ammo Iordaniyadagi markazda bu ishlar uch oyda hal bo’ladi, degan edi AQSh rasmiylari.

May oyidan boshlab qochqinlar soni ancha ko’paydi. Iyun va iyulda AQShda joylashtirishgan suriyalik qochqinlar soni 2000 dan oshdi.

Taxminan 8000 odam 38 shtat bo'ylab taqsimlandi: 887 nafari Michiganda, 783 nafari Kaliforniyada, 651 nafari Arizonada, 565 nafari Texasda va 481 nafari Pensilvaniyada yangi hayot boshladi.

Qo'shma Shtatlar - rivojlanayotgan mamlakatlardan eng ko’p qochqin qabul qiladigan davlat. O’tgan yil oktabridan buyon bu yerga deyarli 61 ming kishi ko’chib keldi.

Vashington bir yilda qabul qilinadigan qochqinlar sonini 70 mingdan 85 mingga oshirish haqida e'lon qilgan edi. 2017-yilda bu son 100 mingga yetadi.

2011-yilda Suriyada urush boshlanganidan keyin millionlab fuqaro qo’shni mamlakatlarga qochdi.

BMT Qochqinlar idorasiga ko’ra, 4,8 million suriyalik Turkiya, Livan, Iordaniya, Misr va Iroqqa qochib o’tgan. Yana 6,6 million kishi Suriyaning o'zida boshpanasiz.

AQShda respublikachi qubernatorlar suriyalik qochqinlarni qabul qilish rejasiga qarshi chiqdi. Ularni shtatimizga kiritmaymiz, qabilida qonunlar yozildi.

So’rovlarga ko’ra, respublikachilarning 69 foizi mamlakatga musulmon muhojirlarni vaqtinchalik kiritmaslik tarafdori.

BMT Bosh Assambleyasi sentabr oyida bo’lib o’tadigan yillik yig’inni aynan qochqinlar va immigratsiya masalasiga bag’ishlamoqchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG