"Tolibon urush tugasin desa, terrorizmdan yuz o'girsin"

  • Amerika Ovozi

"Tolibon urush tugasin desa, terrorizmdan yuz o'girsin"

"Tolibon urush tugasin desa, terrorizmdan yuz o'girsin"

AQShning Afg’oniston va Pokiston bo’yicha maxsus vakili Mark Grossmanning aytishicha, Tolibon urush tugasin desa, xalqaro terrorizmdan voz kechib, tinchlikni tanlashi kerak. Grossman kecha Kobulda so’zladi.

Amerika diplomati kecha Afg’oniston Tashqi ishlar vaziri muovini Javod Ludin bilan ko’rishgach, bayonot berdi.

"Tolibon xalqaro terrorizm bilan aloqani uzib, xurujlarni qoralashini kutayapmiz. Ular Afg’oniston kelajagi, tinchligiga doir muzokarada qatnashadi degan umiddamiz”, - dedi Grossman.

“Afg’oniston va Qo’shma Shtatlar osuda hayot tarafdori”, - dedi AQSh rasmiysi.

Grossman toliblarning Qatarda diplomatik idora ochish rejasini qo’llab-quvvatlamoqda. Bu tashabbus tinchlikning muhim talablaridan biri deya ko’riladi. Qatar va afg’on mulozimlari yuzma-yuz ko’rishib, tafsilotlarni muhokama qilishi rejada ekan, Grossman ta’kidiga ko’ra, avvalo jangarilar qurolini tashlashi lozim.

Javod Ludin ham toliblar o’z qarorgohiga ega bo’lishiga qarshi emas. U, shuningdek, AQShning Kubadagi Guantanamo turmasida saqlanayotgan toliblar Qatarga ko’chiriladi, degan umidda.

“Agar Amerika mahbuslarni Qatarga jo’natib, keyinroq toliblar vataniga qaytsa, Afg’oniston bundan mamnun bo’lar edi”, - deydi Ludin.

Grossman mahbuslar masalasi hali ochiq, deydi.

Oy boshida Tolibon tinchlikdan umidvormiz, deb chiqqan edi. Ammo jangarilar xalqaro qo’shinlarga qarshi kurashdan voz kechmoqchi emas, amaldagi konstitutsiyani tan olmaydi va Hamid Karzay ma’muriyatini qo’g’irchoq hukumat deb biladi.

AQSh maxsus vakili Afg’onistondan keyin Pokistonga borishni rejalagan edi. Lekin Islomobod Oq uy bilan aloqalarni qayta ko’rib chiqayapmiz va Mark Grossman tashrifiga hali erta, deya javob bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG