Badavlat amerikaliklar qancha soliq to'lash haqida turlicha fikrda

  • Amerika Ovozi

AQShda ishlab pul topayotgan odam har yili 10-35 foiz orasida daromad solig’i to’laydi. Prezident Barak Obama soliqni barcha uchun vaqtincha past miqdorda saqlashga qaror qilgan.

AQShda ishlab pul topayotgan odam har yili 10-35 foiz orasida daromad solig’i to’laydi. Prezident Barak Obama soliqni barcha uchun vaqtincha past miqdorda saqlashga qaror qilgan.

AQShda kim qancha soliq to’lashi kerakligi xususida bahsu munozaralar qizigan bir payt.

Amerikaliklar har yili 10-35 foiz orasida daromad solig’i to’laydi.

Sobiq prezident Jorj Bush davrida topish-tutishi yuqori fuqarolarga kamroq soliq solish to’g’risida qonun qabul qilingan edi. Uning muddati bu yil oxirida bitadi.

Prezident Barak Obama soliqni barcha fuqarolar uchun vaqtincha past miqdorda saqlashga qaror qilgan. 2011-yildan boshlab Kongressda ko’pchilik o’rinni egallovchi respublikachilar bilan muzokara davom etmoqda.

Demokratlarning istagi shuki, boy amerikaliklar boshqalarga qaraganda ko’proq soliq to’lashi kerak.

Respublikachilar esa soliq hech kim uchun oshirilmasligi lozim deb turib olgan.

Demokratlar boylardan ko’proq soliq olish iqtisodni yaxshilash uchun ayni muddao emasmi desa, respublikachilar xususiy sektor qayta oyoqqa turishi uchun boylarning cho’ntagida ko’proq pul bo’lgani ma’qul deydi.

Mayk Anderson, millioner va yirik restoran egasi fikricha soliqni oshirish bizneslar uchun kuchli zarba

Mayk Anderson, millioner va yirik restoran egasi fikricha soliqni oshirish bizneslar uchun kuchli zarba

Mayk Anderson - Virjiniya shtati Aleksandriya shahrida yirik restoran egasi. Yillik daromadi 3 million dollardan oshadi. Qo’lida o’nlab odam xizmat qiladi.

“Biznesimni kengaytirish uchun qurbim yetadi”,- deydi tadbirkor.

“Yaqinda katta bir duxovka sotib oldik. Hali ochganimiz ham yo’q”.

Mayk Anderson kelasi yil yangi bir restoran ochmoqchi. Yangicha menyu, yangicha uslubda.

“Tumandagi eng yirik restoran bo’ladi. Hajmi 560 kvadrat metr”,- deydi u.

Ishbilarmon emasmi, soliq desangiz Mayk Andersonning boshi og’riydi. Daromad qanchalik yaxshi bo’lmasin, soliq va boshqa to’lovlar biznesni ko’p imkoniyatlardan ayiradi, deydi u. Narxni oshirsangiz, mijoz kamayadi.

Badavlat amerikaliklar qancha soliq to'lash haqida turlicha fikrda

Badavlat amerikaliklar qancha soliq to'lash haqida turlicha fikrda

“Soliqni oshirishsa, men alamimni xo’rrandalardan ololmayman. Chunki ularning qurbi yetmaydi qimmat ovqatga. Shu bois ishchilarimni kamaytirishga majburman”,- deydi biznesmen.

Respublikachilar soliqni oshirmaslik kerak deb bong urar ekan, Mayk Anderson singari tadbirkorlar va ular yuritadigan kichik bizneslarni nazarda tutmoqda.

Ish o’rinlarini ular yaratadi, deydi respublikachi senator Jon Tyun.

“Bizneslar kengaysin, ish joylari ko’paysin desak, soliqni ko’tarish haqida aslo o’ylamaslik kerak. Tadbirkorlarning qo’lida puli bo’lsa, sarmoya qiladi. Kimnidir ish bilan ta’minlab, imkoniyat yaratadi”,- deydi u.

Demokratlar ularning ham maqsadi shu ekanini aytadi. Jorj Bushdan oldingi prezident Bill Klinton davrida boylarga ko’proq soliq solish iqtisodni ko’targan, tizimni mustahkamlab, Amerika o’z byudjetidagi kamomaddan qutulgan. Xazina boyigan.

Milliarder amerikaliklar Bill Geyts va Vorren Baffet ko'proq soliq to'lashga tayyor

Milliarder amerikaliklar Bill Geyts va Vorren Baffet ko'proq soliq to'lashga tayyor

Prezident Obama fikricha, o’rtahol amerikaliklar uchun soliqni kamaytirib, eng boy fuqarolarga ko’proq soliq solish - to’g’ri siyosat.

“Qaysi iqtisodchidan so’ramang, sizga shuni aytadi: millioner va milliarder amerikaliklar uchun soliqni pasaytirishdan bir tiyinlik ham foyda yo’q”,- deydi prezident.

AQSh byudjetida kamomad miqdori 1 trillionga yetib bo’lgan. Iqtisodni yaxshilash uchun konkret qadamlar tashlash kerakligi hech kimga sir emas. Soliq siyosatida ulkan o’zgarishlar bo’lishi ham tayin.

Vorren Baffet, dunyodagi eng badavlat insonlardan biri, boy qatlam ko’proq soliq to’lashi kerak deb keladi.

“Bu jamiyatda piru badavlat yashayotgan amerikaliklardan ko’proq soliq olishning nimasi noto’g’ri? Daromadini bo’lishsin bu xalq bilan. Ayniqsa, shuncha odam qiynalib yashayotgan paytda”.

“Lekin hamma boylar ham Vorren Baffet emas-ku, axir”,- deya mulohaza yuritadi Mayk Anderson.

Boriga shukur, deydi u, lekin ko'pchilik tadbirkorlar milliarder Vorren Baffetning fikriga qo’shilmaydi.

“Davlat soliqni oshirsa, mening biznesimga katta zarba bo’ladi”,- deydi Mayk Anderson.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG