Kongress byudjetni qachon ma'qullaydi?

  • Amerika Ovozi

Kongress byudjet masalasida bir qarorga kelmas ekan, kelasi yili amerikaliklar ko’proq soliq to’lashiga to’g’ri keladi. Byudjet kamomadini boshdan kechirayotgan davlat ichki va harbiy xarajatlarni ham kamaytirishga majbur bo’ladi. Bu bilan defitsit bir oz qisqarishi, ammo usiz ham zaif iqtisodiyot yanada zarar ko’rishi mumkin. Noyabrdagi prezident saylovlari keyingi siyosatini belgilashi kutilmoqda.

Ko’pdan beri murosaga kela olmayotgan qonunchilar safida bir oz jonlanish kuzatilmoqda. Demokratlar ustun Senat daromadi yiliga 250 ming dollargacha bo’lgan odamlar uchun soliq stavkalarini o’zgarishsiz qoldirishga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi.

Demokrat senator Charlz Shumer Vakillar Palatasini loyihani darhol ma’qullab, prezidentga imzo uchun yuborishga chaqirmoqda.

Biroq Vakillar Palatasida son jihatdan ustun respublikachilar hujjatni o’tkazmoqchi emas.

Palata spikeri Jon Beyner prezident va demokrat kongressmenlarga murojaat etar ekan, “Janob prezident, agar Amerikadagi mayda biznes vakillari bilan birdam ekaningizni namoyish etmoqchi bo’lsangiz, 1-yanvardan soliqlarni ko’tarish rejangizdan voz keching”, - dedi.

Respublikachilar hozirgi soliq stavkalarining barcha uchun bir xil bo’lishini istaydi. Eng badavlat amerikaliklar uchun ham. Senator Jon Tunning aytishicha, ular asosiy ish beruvchilardir.

“Hozirgi iqtisodiy sharoitda soliqlarni ko’tarish to’g’ri emas”, - deydi u.

Senatda muxolifat sardori Mitch Makkonnel demokratlar maqsadini shunday ta’riflaydi.

“Pul topayotganlardan davlat uchun ko’proq pul undirish isrofgarchilikdir”, - deydi senator.

Demokratlar nazarida boylarga soliq oshirilsa, byudjetdan ijtimoiy dasturlar uchun sarfiyatlar kamayishining kambag’al va o’rta hol amerikaliklarga salbiy ta’siri qattiq sezilmaydi. Prezident Obamaning aytishicha, kamomadni yolg’iz byudjetni qisqartirish bilan bartaraf etib bo’lmaydi.

“Amerikaning eng badavlat insonlari, jumladan mening hissamsiz, kamomadni qisqartirib bo’lmaydi. Ayniqsa, so’nggi 10 yil davomida soliq imtiyozlaridan foyda ko’rib kelganini hisobga olsak”, - deydi prezident Obama.

Respublikachilar partiyasi o’zini kichik va katta biznes homiylari qilib ko’rsatishga harakat qilsa, demokratlar o’rta sinf himoyachisi sifatida tanilishni istaydi.

Kapitoliy, AQSh Kongressi binosi

Kapitoliy, AQSh Kongressi binosi

“Kim uchun kurashyapsiz? Yiliga milliard dollar pul topuvchi odamlar uchunmi? Respublikachilar ular uchun kurashyapti. Yoki siz Amerikaning yuragi va qalbi bo’lgan o’rta sinf uchun kurashmoqchimisiz?” - deydi demokrat-senator Barbara Bokser.

Ikki yirik partiyadan hech biri so’zini o’tkaza olmas ekan, barchasi noyabrda bo’ladigan saylovlarni kutmoqda. Balki shundan so’ng kuchlar muvozanatida o’zgarish bo’ladi.

Siyosiy tahlilchi Jon Fortyening aytishicha, agar prezident qayta saylansa, Senat va Vakillar Palatasida ko’pchilik respublikachilar qo’liga o’tishi mumkin. Hokimiyat bo’lingan bo’ladi. Qarz va byudjetga doir bugungi janjal va munozaralarni kelasi to’rt yil davomida yana boshdan kechirishga to’g’ri keladi, deydi u.

Ammo respublikachilardan da’vogar Mitt Romni g’alaba qozonsa, unda Kongressda ham muxolifatning qo’li baland kelib, vaziyat o’zgarishi mumkin deb taxmin qilisa bo’ladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG