Vashingtonda muallimlar elakdan o'tkazilmoqda

  • Amerika Ovozi

O’qituvchilarga berilgan baho o’quvchi topshirgan testlar natijasiga bog’liq

O’qituvchilarga berilgan baho o’quvchi topshirgan testlar natijasiga bog’liq

Yozgi ta’til ham tugab qoldi. Amerika bolalari ham yangi o’quv yiliga tayyorlanmoqda. Maktablar avgust oyi oxiriga borib ochiladi.

Qizig’i shundaki, bu yili Vashingtonda o’qituvchilarning kamida 5 foizi maktabga qaytmaydi. O’tgan oy 206 muallim ishdan bo’shatildi.

Pedagoglar endi yangi sinov va reyting tizimidan o’tishi shart.

O’tgan bir yil ichida Vashington davlat maktablarida katta o’zgarishlar ro’y berdi. Bir nechasi yopildi. Asosiy nishonda - o’qituvchilar. Islohot shundan iboratki, muallimlar saviyasi qayta tekshiruvdan o’tmoqda. Ularning salohiyati endi maxsus reytinglar orqali belgilanadi.

IMPACT deb nomlangan bu tizimga ko’ra, har bir pedagog yilda besh marta, har safar kamida 30 daqiqa davomida, dars o’tayotgan paytda, kuzatiladi va faoliyati nazorat qilinadi. O’qituvchilarga berilgan baho o’quvchilar topshirgan testlar natijasiga bog’liq.

Vashingtonda muallimlar elakdan o'tkazilmoqda

Vashingtonda muallimlar elakdan o'tkazilmoqda

Islohotlar uchun mas’ul qo’mita a’zosi Emili Koen:

“Ushbu baholash uslubi kim yaxshi ishlayotgani, kim esa ishini eplolmayotgani va yordamga muhtojligini ko’rsatib beradi”.

Amerikada har bir tuman muallim saviyasini turlicha yo’llar orqlai baholaydi.

Dars berishda davom etishi uchun o’qituvchi juda bo’lmaganda “qoniqarli” degan baho olishi shart.

Ba’zi muallimlar islohotlardan norozi. O’qituvchi ishini faqat o’quvchi olayotgan bahoga qarab belgilash noto’g’ri, deydi ular.

Emili Koen masalaga oydinlik kiritadi:

“Boshqa mezonlar ham qo’llaniladi, masalan, tajribali ustozlar fikri inobatga olinadi. Faqat o’quvchi bahosi emas, boshqa omillarga ham qaraymiz”,- deydi rasmiy.

Ishi eng sifatli va samarali deb topilgan o’qituvchilar bir yilda 25 ming dollargacha mukofot olishi mumkin. Maosh ham oshiriladi.

Vashingtonda muallimlar elakdan o'tkazilmoqda

Vashingtonda muallimlar elakdan o'tkazilmoqda

Reytingi past o’qituvchi har doim ham ishdan boshatilmaydi. Unga professional yordam taklif qilinadi. Malaka oshirish kurslariga yuboriladi.

Vashingtonga o’qutivchilarni ishdan bo’shatish azaldan qiyin masala, chunki ularning manfaatlarini himoya qiladigan kasaba uyushmalari kuchli nufuzga ega.

Islohotlar natijasida shu narsa oydinlashdiki, reytingi baland o’qituvchilar asosan o’rtahol va boy sinf farzandlarini o’qitadi. Saviyasi past muallimlar esa asosan kambag’al oilalarning bolalari o’qiydigan maktablarda ishlaydi.

Yuqori sinf o'quvchilari

Yuqori sinf o'quvchilari

Tekshiruv ostidagi ilm dargohlari davlat muassasalari ekanini hisobga olsak, bu qiziq bir holat, deydi mutaxassislar. Kambag’al ota-onaning bolasi va ularni o’qitadigan muallim orasidagi munosabat, o’z ustida ishlash imkoniyati va mavjud sharoitga ko’pro’q e’tibor berish kerak, deydi ekspertlar.

Amerikada davlat maktablarida ishlaydigan muallim yiliga ko’pi bilan 45 ming dollar topadi. Eng past oylik rasmiy hujjatlarda 40 ming dollar deya ko’rsatiladi. Soliqlar olingandan keyin qo’lga 30-32 minggi tegadi. Bu oylik bilan ayniqsa katta shaharlarda kun ko’rish oson emas.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG