AQSh olimlari yangi batareyalar ustida ishlamoqda

  • Amerika Ovozi

Don Xillebrand, markaz direktori, Xonda Sivic gibrid avtomobil yonida.

Don Xillebrand, markaz direktori, Xonda Sivic gibrid avtomobil yonida.

2012-yilda AQSh Energetika vazirligi yangi avlod batareyalarini yaratish maqsadida 120 million dollar grant ajratgan edi. Chikago shahridagi Argon laboratoriyasi bu mablag’ bilan eng sara olim va muhandislarni jalb etib, energiya sohasida kashfiyot qilmoqchi.

Kichik, yengil va uzoqqa yetadigan.

Elektronikada ishlatiladigan batareykalar aynan shunday xususiyatlarga ega bo’lishini istaymiz.

Energiyani saqlash tadqiqotlari birlashgan markazida buning ustida allaqachon ish boshlangan.

Turli sohalarda keng qo’llanadigan litiy-ion batareykalari ham shu laboratoriyada kashf etilgan edi. Endigi maqsadlar ulkanroq.

“Quvvati ko’proq, o’zi arzonroq bo’lsin”.

Besh yil muhlat belgiladik, deydi markaz direktori muovini Jeffri Chemberleyn. Xaridorlar o’zgarishni birinchi navbatda uyali telefonlarda payqaydi.

“Telefoningizni har kuni emas, deylik uch-to’rt kunda bir marta yoki haftada bir zaryadlash kifoya bo’ladi. Kelajakda batareyalar muayyan quvvat yoki sig’im bilan cheklanmaydi”.

Dunyo avtomobil bozorida katta o’zgarishlar qilish oliy maqsad, deydi olimlar.

“Energiyani saqlashning kamxarj va xavfsiz yo’lini topishimiz kerak. Ichki yonish dvigateli bilan bemalol raqobatlasha oladigan elektr transporti yaratamiz,” - deydi Chemberleyn.

Argon laboratoriyasi xodimi Don Xillebrand deydiki, shaxsiy elektronik vositalar quvvatini oshirish muhim masala, ammo avtomobillarga kelganda talablar boshqacha.

“Ayrimlar faqat elektrda yuradigan avtomobil xohlaydi. Lekin bunday xaridorlar qancha, bilmaymiz. Talab benzin narxiga qarab o’zgarib turadi. Benzin narxi qancha bo’lishi kerakki, odamlarning elektr mashinalarga qiziqishi ortsin?”

Xillebrandning aytishicha, 2014-yilda AQShda har oy qariyb 10 mingta elektr avtomobil sotilgan. Mashinasozlar buni kam deb hisoblaydi. Ammo yangi batareyalar manzarani o’zgartirishi mumkin.

“Bu raqam hozirgidan 10 baravar ko’proq bo’lishi kerak. Shunda dasturimizni muvaffaqiyatli deya olamiz. Biz istagan batareya yaratilsa, avtomobillarga talab ham oshadi,” - deydi Xillebrand.

Argon markazi yangicha, uzoqqa yetadigan batareyalar yaratdi ham deylik. Elektr mashinalarning bozori chaqqonlashib, zaryad stansiyalariga talab oshadi. Mahalliy elektr tarmoqlarini kuchaytirish kerak bo’ladi. Olimlar bu loyiha ustida ham ishlamoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG