AQSh O'zbekiston Islomiy Harakati homiysiga sanksiya qo'ydi

  • Amerika Ovozi

Vaziristondagi jangarilar, 2011-yilda olingan surat.

Vaziristondagi jangarilar, 2011-yilda olingan surat.

Vashington Pokistonda asoslangan uch shaxsni nishonga olmoqda: Mavlaviy Odam Xon Achikzay, Amir Ali Choudriy va Qori Ayyub Bashir.

Ular Tolibon, Tahrik-e Tolibon va O'zbekiston Islomiy Harakatini moliyaviy jihatdan quvvatlab kelayotgan terroristlar, deyiladi AQSh Moliya vazirligi chiqargan bayonotda.


Ekstremist guruhlar va ularga mablag' qayerdan borishi masalasi bilan Amerika hukumatida aynan Moliya vazirligi shug'ullanadi.

Vazirlikning bildirishicha, yuqorida nomi qayd etilgan shaxslar terror tashkilotlarini moddiy, moliyaviy va texnik jihatdan qo'llab keladi.

Odam Xon va Choudriy qo'lbola portlovchi vositalar ishlab chiqarishni yo'lga qo'ygan.

Bashir esa O'zbekiston Islomiy Harakatining Afg'oniston va Pokistondagi faoliyati uchun mablag' uzatib turadi.

AQSh Moliya vazirining Terrorizm va Moliyaviy razvedka masalalari bo'yicha muovini Deyvid Koen deydiki, sanksiya qo'yishdan maqsad - bu shaxslar faoliyatiga nuqta qo'yish va terror tizimlarini moliyadan ayirish.

Odam Xon, Choudriy va Bashir Amerika moliya organlari va ular bilan hamkorlik qiladigan boshqa xorijiy muassasalar hamda fuqarolar bilan aloqa qila olmaydi.

Razvedka ma'lumotlari shundan darak beradiki, Odam Xon va Choudriy 2010-212 yillarda Afg'oniston va Pokistonda amalga oshirilgan terror xurujlarida qo'lbola portlovchi moddalar yetkazib bergan.

Mavlaviy Odam Xon Achikzay 1972-yilda Afg'onistonning Qandahor viloyatida tug'ilgan. Ayni damda Pokiston fuqarosi va rasmiy manzili Baluchiston viloyati.

Amir Ali Choudriy 1986-yilda Pokistonda tug'ilgan, shu davlat fuqarosi va ayni damda Afg'oniston bilan chegaradosh hududda yashiringan.

Qori Ayyub Bashir 1966-yilda Afg'onistonda dunyoga kelgan va shu davlat pasportiga ega. Asli o'zbek. Hozirgi kunda Pokiston shimoli-g'arbida ekani taxmin qilinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG