2014-yilda dunyo bo'ylab terror xurujlari 35 foizga oshgan

  • Amerika Ovozi

2014-yilda jahonda terror xurujlari 35 foizga oshgan, ular oqibatida o'lganlar soni esa 81 foizga ko'paydi. AQSh Davlat departamenti tayyorlagan hisobotda shunday raqamlar keltiriladi.

Terroristik hujumlardan eng ko'p aziyat chekkan mamlakatlar bu - Iroq, Afg'oniston va Nigeriya.

Xususan, talofat ko'lami va odam o'g'irlash bo'yicha Iroq ro'yxatda birinchi o'rinni egallagan. Bu ko'p jihatdan "Islomiy davlat" ekstremistlar guruhining faoliyati bilan bog'liq. 2014-yilda eng ko'p teraktlarni aynan shu to'da sodir etgan - 1083 ta.

AQSh Davlat departamenti global terrorizmga oid har yili hisobot chiqaradi. Maqsad tahdidlarni bartaraf etishga qaratilgan choralar qanchalik samara berayotganini aniqlash va kurash strategiyasini belgilab olishdir.

"Al-Qoidaga kuchli zarba berilgan bo'lsa-da, Yaman, Suriya, Liviya, Nigeriya va Iroq kabi davlatlarda zaif boshqaruv radikalizm quloch yozishiga zamin yaratdi", - deydi Tina Kaydanov, AQShning aksil-terrorizm masalalari bo'yicha rasmiysi.

Suriyada davom etayotgan urush minglab xorijiy janchilarni o'ziga jalb etgan.

"2014-yilning dekabrida olingan hisobga ko'ra, 90 mamlakatdan 16 ming jangchi hozir Suriyada. O'tgan 20 yil ichida biror boshqa davlatga shunchalik ko'p xorijiy terrorchi oqib kirmagan", - deydi rasmiy.

Hisobotda bayon qilinishicha, o'tgan yili Afg'onistonda Tolibon hujumlarida 3400 dan ziyod odam nobud bo'lgan va 3300 kishi yaralangan. Nigeriyada esa terroristik hujumlarning katta qismi Boko Haram guruhi tomonidan amalga oshirilgani qayd etiladi.

Davlat departamenti xulosasiga ko'ra, Eron dunyo bo'ylab terrorchi guruhlarni quvvatlashda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG