Juntin - AQSh qora tarixidagi muhim bayram

  • Amerika Ovozi

AQSh prezidenti Avraam Linkoln 1862-yil sentabrida janubiy shtatlardagi qullarni ozod etgani haqidagi xabar Texas shtatidagi qullarga kechikib, fuqarolar urushi tugaganidan bir necha oy o’tib yetib borgan. 1865-yilning 19-iyunida federal qo’shinlar Texasga yetib kelishi bilan qullik barham topgan. Afro-amerikaliklar bu sanani har yili tantana bilan nishonlaydi.

1865-yildan beri 19-iyun - Juntin (Juneteenth) bayrami. Tadbirlar bir necha kun davom etadi.

AQSh armiyasi generali Gordon Grenjer o’sha kuni Texasning Galveston shahriga yetib kelgan va barcha qullar ozod ekanini e’lon qilgan.

Juntin - erkinlik va adolat uchun mashaqqatli kurashni xotirlash demakdir, deydi Xyuston qora tarixi jamiyati rahbari Ovid Dankantell.

“Biz uchun bu kun AQSh Mustaqillik kunidan ham muhimroq, chunki mustaqil davlatda biz hali ham qul edik”.

Dankantellga ko’ra, yosh avlod bu sana nima uchun ahamiyatli ekani haqida bilishi lozim. Ko’pgina qora tanli bolalar bayram mohiyatini yaxshi tushunmaydi.

“Qullik tugagani yaxshi, biz ozodmiz,” - deydi bir bola.

Mana bu qiz ham unga jo'r bo'ladi: “O’tmishda oq va qora tanli odamlar do’stlasha olmasdi, endi esa hammamiz inoqmiz”.

Juntin tantanalari ilk bor Xyustonning asosan qoralar yashaydigan mahallasidagi Ozodlik parkida bo’lib o’tgan.

Bu yerni 1872-yilda sobiq qullar sotib olgan, deydi mahalliy artist va faol Kijana Vaysman.

“To’rt erkak birlashib, odamlarni qovushtirgan va bu yerni sotib olishgan. Yarim gektar yer. Asta-sekin Juntin bayrami nishonlanadigan joyga aylandi bu yer”.

Bugunga kelib shaharning boshqa qismlarida ham bayramona tadbirlar urfga aylanmoqda, deydi faol. Masalan, Miller teatrida ochiq havodagi konsertga tayyorgarik ketyapti.

Tashkilotchilar Ozodlik parkini qayta ta’mirlash fursati yetganini aytadi. Shu maqsadda shahar hamda xususiy donorlar 35 million dollar ajratdi.

Kelasi yili yangi parkda quldorlikka yakun yasagan hujjatning 150 yilligi nishonlanadi.

Muallim Merilin Jonsning aytishicha, nafaqat Amerikada, balki chet elda ham marosimlar bo’lib o’tadi.

“Bu bayram boshqa mamlakatlarga ham tarqaldi. Karib dengizi davlatlari, Afrika va hatto Rossiyada nishonlashadi”.

Juntin nafaqat afro-amerikaliklar, balki barcha uchun bayram, deydi u.

“Har bir inson erkin bo’lmaguncha erkin emasmiz. Bir joyda adolatsizlik bo’lsa, boshqa joylarga ham tarqaladi”.

Juntin bayramining ahamiyati ham shunda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG