Amerikada amaldan tushgan diplomat va rasmiylar nima bilan mashg’ul?


Amerikada tahlil markazlari – hukumat va jamoatchilik tayanadigan strategik maskanlar. Ular qonunchilik va ijroiya organlariga tavsiya-maslahat beradi, e’tibordan chetda qolayotgan muhim masalalarga e’tibor qaratadi.

Tadqiqot institutlari sobiq amaldorlarni o’z bag’riga olib, ularning bilim-tajribasidan foydalanishga ham usta.

Qo’shma Shtatlarda prezident to’rt yilga saylanadi. Yangi rahbar hokimiyatga o’zi bilan yangi odamlarni olib keladi. Shu tariqa vazirlik va agentliklarda katta o’zgarishlar bo’ladi.

Eski hukumatga ishlagan odamlar idoralarni bo’shatar ekan, ularning o’rniga tayinlanayotgan kadrlar ko’pincha Vashingtondagi tahlil institutlaridan keladi.

AQSh hukumati va ilm maskanlari orasida, shu tariqa, o’ziga xos almashinuv borligini hech kim rad etmaydi. Yangi ma’muriyatga nomzodlar ilm ahlidan tanlab olingani kabi, tahlil markazlari ham sobiq amaldorlarni o’z bag’riga olishga tayyor.

AQShning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi sobiq elchisi Jon Bolton, tajribali diplomat, Vashingtonni besh barmog’idek biladi. 1980-yillarda Ronald Regan ma’muriyatida, 1990-yillarda esa keksa Jorj Bush qo’lida ishlagan.

Nira Tanden

Nira Tanden

Hukumatdan ketgach, Bolton Amerika Biznes Institutiga vitse-prezidentlik qildi. 2001 yilda Jorj Bush Oq uyga saylangach, Jon Bolton hukumatga qaytdi. Davlat kotibi muovini, so’ngra elchi lavozimlarida ishladi. Bush muhlati tugagach, hozir yana Amerika Biznes Institutiga qaytgan.

Yana bir misol - Genri Kissinjer. 1970-yillarda davlat kotibi bo’lgan bu arbob hozirda Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazida ishlaydi.

Vashington siyosiy doiralarida tanilgan, BMT va Afg’onistonda elchilik qilgan Zalmay Halilzod ham shu markazda. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin.

Vashington uchun bu juda oddiy, normal bir holat, deydi elchi Jon Bolton.

“Ochig’i, men kabi uzoq yillar hukumatda ishlagan va ilm etagini mahkam ushlagan odamlar uchun tadqiqot institutiga qaytish zo’r imkoniyat. Chunki hukumat ishlari va rasmiy vakolatlardan xolisiz. Emin-erkin, o’zingiz qiziqqan sohada chuqurroq izlanasiz, ilmiy ish bilan mashg’ul bo’lasiz. Amerika hukumati effektiv bo’lsin desak, malakali kadrlar kerak. Ularni yetkazib berishda tahlil markazlarining o’rni beqiyos”, - deydi sobiq rasmiy.

Amerika Progress Markazi ham tadqiqot, ham lobbichilik bilan shug’ullanadi. Uning rahbari Nira Tanden tashkilot tuzilgan davrni eslaydi.

“Oq uyda Xillari Klinton qo’lida ichki siyosat bo’yicha maslahatchi bo’lib ishlaganman. 2000 yilda Klinton Senatga nomzodini qo’ydi, bu ishda unga yordamlashdim. Amerika Progress Markazini tuzish haqida 2001 yilda, hokimiyatga respublikachilar kelganida o’ylana boshladik. Xillari Klinton, sobiq prezident Bill Klinton va Oq uydagi hamkasblar kengashib, shu xulosaga keldikki, mamlakatga progressiv siyosat va g’oyalarni olg’a suradigan tashkilot kerak”.

Xullas, Vashingtondagi ilmiy markazlar sobiq amaldorlarni vaqtincha ish bilan ta’minlaydi. Diplomatlar va rasmiylar iste’foga chiqqach, mana shu yerdan joy topadi. Ayrimlar uchun esa bu vaqtinchalik bekat.

“So’nggi bor hukumat yangilanganida, RAND korporatsiyasidan bir necha xodim Obama ma’muriyatiga ishga o’tib ketdi. Lekin yana shunchasi eski hukumatdan bizga ishlashga keldi”, - deydi tashkilot vakili Jeffri Xaydey.

Siyosiy qarorlar va qonunlarni amalga oshirish hukumatning asosiy vazifasi. Bu murakkab jarayonni tushunadigan, malaka-mahorati yuqori mutaxassis-ekspertlar har bir hukumat va jamiyatga kerak. Tadqiqot institutlari, ilm o’choqlari ularni tayyorlab berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

XS
SM
MD
LG