Michigan shtatida ichimlik suvi bilan bog'liq inqiroz

  • Amerika Ovozi

Michigan shtatining Flint shahrida ichimlik suviga qo'rg'oshin qo'shilgani aniqlangach, aholiga toza suv tarqatishga Milliy gvardiya jalb etildi. Behzod Muhammadiyning hikoya qilishicha, mahalliy hukumat keskin tanqid ostida, shuningdek, jamoatchilik orasida xavotir kuchli.

Milliy gvardiyadan 70 askar Flint shahridagi 100 ming aholiga suv, filter va suvni tekshirish jihozlarini tarqatmoqda.

Fuqarolar anchadan beri suv rangi va hidi o'zgargani haqida shikoyat qilib kelayotgan edi, ammo bunga qarshi o'z vaqtida biror chora ko'rilmagan. Bolalar qonida qo'rg'oshin miqdori oshgani ma'lum. Bu modda odam miyasiga zarar yetkazishi mumkin.

Shtat gubernatori Rik Snayderga lan'atlar yog'ilmoqda.

"Agar Detroit atrofidagi bolalar zaharlangan suv ichib, unda cho'milayotgan bo'lsa, bunga qarshi chora ko'rilishi kerak edi. Men qanday yordam bera olishimni Flint meri bilan gaplashsin deb asosiy yordamchimni u yerga jo'natdim", - deydi demokratlardan prezidentlik uchun nomzod Hillari Klinton.

Prezident Barak Obama Flintda favqulodda holat e'lon qilib, jamoatchilik sog'lig'iga oid inqirozni bartaraf etish uchun besh million dollar yordam ajratdi. Oq uy gubernatorning falokat e'lon qilish haqidagi iltimosini qondirmadi.

Huquq faoli Jessi Jekson aholini o'z huquqlari uchun kurashishga chaqirdi.

"Bu yerda falokat yuz berdi, shunchaki favqulodda holat emas. Balki shaharni o'rab qo'yish kerakdir? Chunki bu yer jinoyat sahnasi", - deydi u.

Siyosiy tanqidchi, kino ustasi Maykl Mur suv inqirozida gubernatorni ayblab, Prezident Obamani shaharga chaqirmoqda.

"Shaharning suv infratuzilmasi vayrona. Bu shtat gubernatorining ishi", - deydi u.

Flint shahar ma'muriyati 2014-yil pul tejash maqsadida suv ta'minotini Guron ko'lidan Flint daryosiga o'tkazgach, suv yetkazish tizimi qo'rg'oshin bilan ifloslangan. Yangi quvurlar qurilguncha, eski trubalardan qo'rg'oshin ajrab, suvga qo'shilgan.

O'tgan oy suv ta'minoti yana Guron ko'liga o'tkazildi. Ammo zararlangan quvur va eski infratuzilma hanuz katta muammo.

Shahar rasmiylari hozir tekshiruv ostida.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG