Kongress savdo bitimlari bo'yicha prezidentga kengroq vakolat bermoqchi

  • Amerika Ovozi

Kaliforniyaning Long-Bich shahridagi yuklar ortiladigan port, 17-fevral, 2015-yil.

Kaliforniyaning Long-Bich shahridagi yuklar ortiladigan port, 17-fevral, 2015-yil.

AQSh Kongressi prezidentning Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan erkin savdo bo'yicha muzokara qilish vakolatlarini kengaytirmoqchi. Chora ma'qullansa, Kongress savdo bitimlarini ovozga qo'yib ma'qullashi yoki rad etishi mumkin bo'ladi, biroq matnga tuzatish kiritolmaydi. Rasmiylarning aytishicha, bu Prezident Obamaga Osiyoga doir siyosatni amalga oshirishda qo'l keladi.

O'tgan hafta AQSh Kongressida kam kuzatiladigan holatlardan biri yuz berdi. Qonunchilar Tinch okeani davlatlari bilan muzokara olib borishda hukumatga yanada kengroq vakolat beruvchi qonun loyihasini qabul qildi.

"Savdoni targ'ib qilish vakolati" deb nomlangan qonunga ko'ra, bundan buyon qonunchilar savdo bo'yicha erishilgan xalqaro bitimlarni tasdiqlashi yoki inkor etishi mumkin, ammo ularni o'zgartirishni talab qila olmaydi.

Iqtisodiy o'sish bo'yicha Davlat kotibi o'rinbosari Ketrin Novelli yutuq bu, deydi.

“Bu savdo hamkorlarimiz uchun muhim, chunki ular jiddiy siyosiy qarorlar berib, kelishuvga erishsa, bu bitimni Kongress o’zgartirmasdan ko’rib chiqishiga ishonadi”, - deydi u.

Qonunning ahamiyati shundaki, AQSh rasmiylariga Tinch okeani mintaqasining 11 mamlakati bilan savdo va tarif standartlarini kelishish imkonini beradi. Bu davlatlar iqtisodiyoti dunyo yalpi ichki mahsulotining 40 foizini tashkil etadi.

Tashabbusga qarshilar ham bor. Kasaba uyushmalari e’tiroziga ko’ra, kelishuv Amerikada ish o’rinlarining boy berilishiga hamda maoshlarning pasayishiga olib keladi. AQShdagi eng katta kasaba uyushmasini boshqaruvchi Richard Tramka qonunga qarshi kurash boshlagan.

“Biz faqat o’zgarishlarga qarshi emasmiz, balki uni butunlay bekor qilish uchun kurashmoqchimiz. Bu kurashda biz g’alaba qozonamiz”, - deydi u.

Ammo hamma shunday fikrda emas. Amerika fermerlari byurosi vakili Deyvid Salmonsen bu bitimlar Amerika dehqonlari uchun ikki milliard dollarlik bozor yaratadi, degan fikrda.

“Yaponiya bilan savdo kuchayadi. Vyetnam, Malayziya va boshqa davlatlar bilan ham savdo yaxshilanadi. Kanada bilan sut mahsulotlari va parrandachilik bo’yicha savdo o'sishiga umid qilyapmiz. Umuman, qishloq xo’jaligi sanoati uchun bu qonun yaxshi”, - deydi u.

Salmonsenga ko’ra, yangi qonun savdo bitimlariga erishishni tezlashtiradi. Ammo tahlilchilar fikricha, bitimlar shu yil Kongress tasdig’idan o’tmasa, kelasi yil prezident saylovlari davrida yanada ortga surilishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG