Afg'on kuchlarini tayyorlaydigan amerikaliklar maxsus kurslardan o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

Afg'on kuchlari o'quv-mashg'ulot paytida, Kobul, Afg'oniston.

Afg'on kuchlari o'quv-mashg'ulot paytida, Kobul, Afg'oniston.

AQSh qo’shinlari Afg’onistonni tark etishga hozirlanar ekan, bir qismi mamlakatda qolib, mahalliy kuchlarni tayyorgarlikdan o’tkazadi. Hozirda ana shu harbiy maslahatchilarning o’zi bu borada saboq olmoqda.

Luiziana shtatidagi Fort-Polk bazasi qoshida afg’on qishlog’iga o’xshash obyekt yaratilib, qishloq aholisini o’ynash uchun aktyorlar yollandi. Lekin mashq qilayotgan harbiylar haqiqiy. Tez orada ular bu yerda olgan bilimlarini afg’on harbiylariga o’rgatadi.

Ssenariylarning biriga ko’ra, AQSh qo’shinlari jangarini qo’lga kiritishga harakat qilayotgan afg’on politsiyasiga yordam berishi kerak. Mayor Fred Rodrigezning vazifasi afg’on politsiyasi boshlig’ining oldiga borib, jangarini qo’lga olishning eng samarali usulini tushuntirish.

"Uni bugun birinchi bor ko’rdim. Vazifam tezroq u bilan aloqaga kirishib, qishlog’i uchun zarur bo’lgan ishni a’lo darajada uddalash", - deydi mayor.

Politsiya boshlig’i rolini 24 yoshli afg’on muhojiri o’ynamoqda.

"Amerikaliklar Afg’onistonga borganda mahalliy madaniyat bilan tanish bo’lishsa, jangarilarni oddiy aholidan ajrata bilishadi. Masalan, kimdir ularga uy ichidan otsayu, ular odamlarning farqiga bormasa, kim yaxshi, kim yomon ekanini darrov payqay olmasa, begunoh odamlarning qoni to’kilishi mumkin. Shu narsalarni bilishsa, hech bo’lmaganda ehtiyot bo’lishadi", - deydi afg’onistonlik muhojir aktyor.

Mashg’ulotlar davom etar ekan, afg’on politsiyasi qishloqqa kirishga, AQSh qo’shinlari esa ortda qolishga qaror qiladi.

O’rtada otishma boshlanadi. Politsiyachilardan biri yaralandi. Amerikalik tibbiy mutaxassis yordamga shoshildi. Mashq bo’lishiga qaramay, barcha ishtirokchilar rolini jiddiy bajarmoqda.

Oxir-oqibat jangari qo’lga olinadi. Bu ishni AQSh qo’shinlari emas, afg’on xavfsizlik kuchlari uddalaydi.

Polkovnik Mettyu Makkenna amerikalik harbiy maslahatchilar uchun mashg’ulot dasturi mualliflaridan biri.

"Tashabbusni mahalliy kuchlar qo’lga olishini istaymiz, chunki biz Afg’onistondan ketgandan so’ng xavfsizlikni ta’minlay bilishsin", - deydi polkovnik.

Mashg’ulotlarda yuk konteynerlari uyga o’xshatib bezatiladi. Bu dastur dunyoning boshqa joylarida ham ishga solinadi.

"Bu usullarni Afg’onistondan boshqa mamlakatlarda ham sinaymiz, albatta. Maqsadimiz jangovar qismlarga yordam beruvchi kichik guruhlardan to’g’ri foydalana bilish. Bu yerda o’rgatilayotgan usullarning ko’pi dunyoning istalgan burchagida qo’l keladi", - deydi Mettyu Makkenna.

Polkovnik qo’mondonligi ostidagi 162-piyoda brigadasi bu mashg’ulotlar asosida Afrikada terrorchilarga qarshi kurash uchun trening qo’llanma ustida ishlamoqda. Amerikalik harbiy maslahatchilar qit’a davlatlari bilan bu borada hamkorlikni boshlab yuborgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG