AQSh Yevropani iqtisodiy o’sishni rag'batlantirishga undamoqda

  • Amerika Ovozi

AQSh moliya vaziri Jek Lu (chapda) Fransiya presidenti Fransua Olland va moliya vaziri Pyer Moskovisi bilan, 7-yanvar, 2014-yil.

AQSh moliya vaziri Jek Lu (chapda) Fransiya presidenti Fransua Olland va moliya vaziri Pyer Moskovisi bilan, 7-yanvar, 2014-yil.

AQSh moliya vaziri Jek Lu Yevropani iqtisodiy o’sishni qo’llab-quvvatlashga va mustahkam poydevor yaratishga undamoqda. Bunday bayonotni u Yevropa bo’ylab safarining birinchi qismi yakunida Parijda e'lon qildi. Vashington rasmiysining, shuningdek, Germaniya va Portugaliyaga borishi rejalashtirilgan.

Fransiya moliya vaziri Pyer Moskovisi bilan birga jurnalistlar savollariga javob berar ekan, AQSh moliya vaziri Jek Lu Yevropa davlatlarini chuqur moliyaviy inqirozdan chiqib olgani bilan tabriklab, iqtisodni tiklashda poydevor muhimligini aytdi.

“Bunday mexanizm qiyinchiliklar davrida kuchayib, yordam beradi. Yevropa banklarida kapital qancha ko’p bo’lsa, ya’ni poydevor qancha mustahkam bo’lsa, Yevropa iqtisodi ham, AQSh iqtisodi ham, global iqtisod ham shuncha kuchli bo’ladi,” - dedi rasmiy.

O’tgan oyda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar oyoqqa tura olmagan banklarni yopishga qaror qildi. Ular uchun so’nggi mablag’ soliq to’laydigan fuqarolar hisobidan emas, banklarning o’zidan olinadi. Ba’zilar qadamni ijobiy baholagan bo’lsa, tanqidchilar bunday qaror kelajakda iqtisodiy inqirozlarning oldini olmasligini aytmoqda.

Jek Lu Yevropani iqtisodiy o’sishni tezlashtirish uchun iste’molchilarni qo’llab-quvvatlashga chaqirdi.

“Ayrim mamlakatlarning iqtisodiy o’sishni rag’batlantirish uchun talab qilinadigan imkoniyatlari boshqalarnikidan kattaroq, albatta. Ammo butun jahon iqtisodini oladigan bo’lsak, Yevropa iqtisodiy o’sishga muhtoj, Osiyo ham o’sishni rag’batlantirishi kerak. AQSh ham bu borada qo’ldan kelganicha harakat qilyapti”, - dedi u.

AQSh moliya vaziri endi Yevropaning eng qudratli davlati Germaniyaga yo’l oladi. Germaniya ichki iqtisodiy talabni oshirishda hamda Ittifoqning boshqa mamlakatlarini qo’llab-quvvatlashda yetarli chora ko’rmayotgani uchun tanqidga uchragan.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG