AQSh Ugandaga harbiy yordam ko'rsatadi

  • Amerika Ovozi

"Yaratganning Qarshilik Armiyasi" jangarilari tomonidan qiynoqqa solingan o'smirlar

"Yaratganning Qarshilik Armiyasi" jangarilari tomonidan qiynoqqa solingan o'smirlar

AQSh hukumati markaziy Afrikaga harbiy qo’shin jo’natmoqda. Maqsad – “Yaratganning Qarshilik Armiyasi” nomi ostida tanilgan va so’nggi 20 yil davomida tinch aholini o’ldirib va zo’rlab kelayotgan jangari guruhni yo’q qilish.

Ugandaga yuborilgan AQSh qo’shinlari Markaziy Afrika Respublikasi, Kongo Demokratik Respublikasi va Janubiy Sudanda joylashtirilishi mumkin. 1987-yilda tashkil topgan nasroniy jangari guruh shu hududlarda beshafqat faoliyatini olib boradi. Besh yuzdan uch minggacha a’zosi bor.

AQSh Mudofaa vazirligi vakili Jon Kirbining bildirilishicha, zobitlar Uganda va qo’shni davlatlarga madad berish uchun yuborilgan.

“Amerika maxsus kuchlarining missiyasi – faqat maslahat va yordam berish. Mahalliy qo’shinlar malakasini oshirish, ularga tahdid bilan kurashishni o’rgatish”, - deydi Pentagon rasmiysi.

Inson huquqlari tashkilotlari necha yillardan beri AQSh Kongressi va Oq Uy e’tiborini Afrikadagi vaziyatga qaratishga urinib keladi. Urinishlar samara berdi. Dunyodagi eng qonxo’r jangari guruhlardan biri - “Yaratganning Qarshilik Armiyasi” hamda uning yetakchisi Jozef Koniga nisbatan jiddiy harakat boshlangan.

Jennifer Kuk - Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Afrika dasturi rahbari.

“2009-yilda Kongress prezidentdan Jozef Konini zararsizlantirish, tinch aholini himoya qilish va gumanitar yordam ko’rsatish strategiyasi bilan chiqishni so’ragan edi. Bugun Afrika hukumatlariga keng ko’lamli yo’rdam ko’rsatila boshlandi”, - deydi tadqiqotchi.

"Yaratganning Qarshilik Armiyasi" jangarisi

"Yaratganning Qarshilik Armiyasi" jangarisi

Guruh AQSh xavfsizligiga tahdid emas. Lekin Uganda regionda Vashingtonning yaqin hamkorlaridan. Somalidagi tinchlikparvarlik missiyasida bu davlat faol ro'l o’ynaydi.

Tahlilchi Maykl O’Xenlon so’zlariga ko’ra, Ugandaga qo’shin yuborilayotgani bejiz emas.

“Qo’shma Shtatlar Somalida tinchlik qaror topishini istasa, Ugandani qo’llab-quvvatlashi, al-Qoidaga qarshi kurashda bu davlat armiyasiga ko’mak zarurligini juda yaxshi tushunadi”.

Genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarga chek qo’yishni o’z vazifasi deb belgilagan “Enough” tashkiloti rahbari Jon Bredsho deydiki, Vashington qanday manfaatlarni ko’zlashidan qat’iy nazar, Afrikada aziyat chekayotgan tinch aholini himoya qilayotgani maqtovli.

“Ko’mak asosan ma’lumot almashish, aholini hujumlar haqida ogohlantirish, kommunikatsiyani yaxshilash, xususan uyali telefon minoralarini o’rnatishdan iborat. Odamlar hayotini saqlab qoladi bu choralar”, - deydi suhbatdosh.

AQShning urushda pishgan yuqori malakali harbiylari, deydi mutaxassislar, jangarilar orasidagi telefon muloqotlarni nazorat etish, pilotsiz samolyotlar yordamida jang hududlarini kuzatishda ustasi farang. Uganda armiyasiga ham buni o’rgatishmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG