AQSh askarlari sharqiy Yevropa bo'ylab harakatda ekani nimadan dalolat?

  • Amerika Ovozi

Qrim yarimoroli Rossiya tarkibiga kirganidan beri Qo’shma Shtatlar Rossiyaning Sharqiy Yevropa mamlakatlariga tahdidi oshib borayotgani haqida gapirib keladi. AQSh harbiylari bu agressiyaga NATO bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali javob qaytarmoqda.

Yuzlab askar va tonnalab qurol-aslaha NATOning Rossiyaga yaqin joylashgan a’zo mamlakatlari hududidan o’tmoqda. Maqsad, deydi rasmiylar, alyans o’z a’zolarini Rossiya bosqini oldida e’tiborsiz tashlab qo’ymasligini ko’rsatish.

“Bu davlatlar tashvishda. Ular Qrimda nima bo’lganini ko’rishdi. Ukrainada nimalar bo’layotganini kuzatib turishibdi”, - deydi polkovnik Jon Meyer.

Harbiyrlar mart oyida Estoniyadan Germaniyagacha bo’lgan 2200 kilometrli masofani bosib o’tdi, mayda esa Ruminiya bo’ylab 350 kilometr yo’l yurdi.

Sentabr va oktabr oylarida Germaniya, Chexiya, Slovakiya va Vengriyadan ham qurollangan harbiy mashinalar kolonnasi o’tadi.

Yevropa xavfsizligi bo’yicha ekspertlarning aytishicha, bular shunchaki harbiy mashqlar emas, balki Rossiyaga nisbatan ogohlantirishdir.

“Bunday qilma, bunday qilish haqida hatto o’ylama deb aytishmoqda”, - deydi tahlilchi Xezer Konli.

Bu o’lkalarda ko’plab odamlar Ikkinchi jahon urushidan beri AQSh armiyasini xaloskor sifatida ko’radi.

“Bu yurishlar AQSh shu yerda degan ma’noni anglatadi. Ular shu alyansning a’zosi, bizlar ham. Alyansga a’zolik mamlakatimizni himoya qiladi”, - deydi polkovnik Jon Meyer.

Harbiy qism qo’mondoniga ko’ra, 2016-yilda ham shunday yurishlar davom etadi. AQSh qurolli kuchlari NATOdagi hamkorlari xavfsizligini ta’minlash va blokni kuchaytirishni asosiy vazifasi deb biladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG