Breaking News

AQSh qo'shinlari Afg'onistonda uzoqroq qoladi


Prezidentlar Barak Obama va Ashraf G'ani Ahmadzoy Oq uyda. 24-mart, 2015-yil.
Prezidentlar Barak Obama va Ashraf G'ani Ahmadzoy Oq uyda. 24-mart, 2015-yil.

Amerika rahbari Barak Obamaning aytishicha, joriy yil oxiriga qadar Afg'onistonda 9800 askar qoladi.

Avvalroq qo'shinlarning yarmini yil oxirigacha olib chiqish va 5500 harbiyni qoldirish rejalangan edi. Afg'oniston hanuz notinch, deydi Obama.

Afg'oniston rahbari Ashraf G'ani Ahmadzoy va Bosh vazir Abdulla Abdulla Vashingtonga safar qilar ekan, Oq uyni askarlarni biroz uzoqroq qoldirishga ko'ndirgan ko'rinadi. Askarlar mahalliy kuchlarga yordam berish va mashqdan o'tkazish bilan shug'ullanadi.

G'ani deydiki, Afg'onistonda kunlar isib, toliblar yana jonlanishi kutilayapti va "Islomiy davlat" to'dasi aynan shu regionda odam yollashga urinmoqda. Bunaqa sharoitda mahalliy armiya daldaga, qo'llab-quvvatlovga muhtoj, deydi u.

Barak Obama so'zlariga ko'ra, afg'on armiyasini oyoqqa turg'izish va mahalliy xavfsizlikni ta'minlash olishiga ishonch hosil qilish - ustuvor vazifa. Biroq Amerika rahbari o'z qurolli kuchlarini 2016-yilda olib chiqish qarorida qat'iy ekanini eslatdi.

Ashraf G'ani Amerika qurolli kuchlari va mutaxassislaridan minnatdor. AQSh fuqarolari mashaqqat bilan ishlab topgan va Afg'onistonni oyoqqa turg'izish uchun sarflanayotgan moliya uchun mingdan ming rahmat, dedi prezident.

AQSh askarlari uzoqroq qolsa, deydi u, afg'on armiyasi va maxsus kuchlari bundan shuncha ko'p foyda ko'radi.

Oldingi rahbariyatdan farqli Ashraf G'ani Amerikaga safari davomida bu ittifoqchi davlatga tashakkur bildirdi. Virjiniya shtatining Arlington qabristonini ziyorat qilib, urushda halok bo'lgan noma'lum askarning qabriga gulchambar qo'ydi. Afg'on urushida o'lgan yuzlab harbiylar ham shu yerga ko'milgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG