Bu zarur urush edi, deydi Iroqdan qaytgan askarlar

  • Amerika Ovozi

Bu zarur urush edi, deydi Iroqdan qaytgan askarlar

Bu zarur urush edi, deydi Iroqdan qaytgan askarlar

O'zaro kelishuvga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Iroqdan barcha qo'shinlarini olib chiqmoqda. Jarayon yil oxirigacha yakunlanishi kerak. "Amerika Ovozi" Texas shtatida joylashgan Fort Xud bazasiga borib, Iroqdan qaytgan zobitlarning biri bilan suhbatda bo'ldi.

Iroqda bir necha yil xizmat qilgan askarlar Rojdestvoni vatanida nishonlaydigan bo'ldi. Ularni qahramonlar kabi kutib olishmoqda.

"O'ziga yarasha tajriba bo'ldi. Ruhimiz baland", - deydi armiya mayori Maykl Uilyams.

U Iroqni shu yili tark etayotgan o'n minglab askarlardan biri. Sakkiz yillik kampaniya to'rt mingdan ziyod amerikalik zobitni hayotdan olib ketdi. Fort Xud bazasida qurollarini topshirgach, uylariga qaytishadi.

Uilyamsning kelishiga dasturxon tayyor, bolalari bag'rida. Keyingi vazifani olguncha, uyida bir oz hordiq chiqarsa ham bo'ladi.

Uilyams Iroqdaligida farzandlariga rafiqasi Royann qaragan. Askarlarni Iroqdan hozir chiqarish to'g'rimi, yo'qmi, bilmaymanu, deydi u, ammo turmush o'rtog'imning qaytganidan xursandman.

"Kayfiyat zo'r! Uyni Rojdestvoga bezatyapmiz. Uning qaytishini juda kutdik. Behad xursandmiz", - deydi ofitserning ayoli.

Royanning aytishicha, so'nggi sakkiz yil oilasi uchun oson bo'lmadi. Ammo, deydi u, zarracha ham achinmayman, chunki askarlar dunyo barqarorligi uchun kurashdi va bu dunyoda mening bolalarim ham yashaydi.

"Terrorchilar bilan o'z mamlakatimizda olishgandan ko'ra o'zga yurtda jang qilgan afzal. Erim Iroqqa necha marta borgan bo'lsa, farzandlarimiz kelajagi uchun shu ishni qilgan. Agar belgilangan vazifa bajarilgan bo'lsa, shuncha payt yiroqda yurganiga afsuslanmayman", - deydi Royann.

Uilyams Iroqdagi xizmati uchun bronza medali bilan taqdirlandi. Omadi bor ekan, dushman o'qi chetlab o'tdi. Saddam Husaynni hokimiyatdan ag'darib, al-Qoida kabi terror guruhlariga qarshi jang qilib, Amerikada terror xurujlarining ehtimolini pasaytirdik, deydi u.

"Bir davlatni ozod qildik, dushmanlariga zarba berdik, ularni Amerikaga kelolmaydigan qilib, yangi xurujlarning oldini oldik. 11-sentabr voqealarining takrorlanishini istamayman. Iroqdagi missiya sharofati bilan ko'plab odamlarning hayotini saqlab qoldik", - deydi harbiy.

Fort Xud bazasiga qaytgan minglab askarlar kabi Uilyams ham reabilitatsiyadan o'tmoqda. So'ng yangi vazifaga kirishadi.

"Oilam bilan ma'lum vaqt bo'lib, bayramni birga kutib, so'ng safdoshlarim bilan qismga qaytaman. O'zimizni tiklab, xizmatni davom ettiramiz", - deydi mayor Uilyams.

Uning aytishicha, terrorga qarshi urush hali tugagani yo'q. Keyingi missiya qachon va qayerda bo'lmasin, tayyorman, deydi u. Ungacha esa o'z uyida, o'z vatanida osuda hayotdan bahramand bo'lib turadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG